Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot xizmati Telegram`dagi bir necha kanallarda Qozog`istonning «24KZ» telekanali lavhasiga asoslanib, O`zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlangani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Tarqalgan xabarlarda Turkiston viloyatida import qilingan 43 tonna zararlangan pomidor aniqlangani, ular O`zbekiston va Erondan olib kelingani aytilgan. Pomidor kelgan joyiga qaytarib yuborilgani qayd etilgan.
O`zbekiston O`simliklar karantini va himoyasi agentligining dastlabki tezkor surishtiruv va o`rganishlar natijalariga ko`ra, Qozog`iston O`zbekistondan import bo`lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlangani yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va e`tiroznoma (notifikasiya) jo`natmagan.
Shuningdek, ikki mamlakat karantin xizmatlari tezkor ravishda muzokara olib borgan. Xususan, Qozog`iston Fitosanitariya xizmati Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari Ibragim Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo`lgan 43 tonna pomidor mahsulotida, aynan, O`zbekistondan yuklangan pomidor mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqlagan.
Agentlik ma`lumotlariga ko`ra, pomidor eksporti bo`yicha 2023 yil o`tgan davr mobaynida importchi davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozog`istonga) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan. Importchi davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlangani yuzasidan e`tiroz holati qayd etilmagan.
«Jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan holi mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xo`jaligi maydonida O`zbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xo`jaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o`tkaziladi», — deyiladi vazirlik xabarda.
Shundan so`ng, laboratoriyaning xulosasiga ko`ra eksport va import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan, pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaksiyasi (PSR) testidan o`tkaziladi.






