Xabaringiz bor, kuni kecha 2023 yil 6 aprel kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o`ttiz to`qqizinchi yalpi majlisi o`z ishini boshlagan edi.
Yalpi majlis birinchi ish kunida “Davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatish to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo`riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta`minlashga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunlar ko`rib chiqildi va ma`qullandi.
Bundan tashqari, “O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o`tashni davom ettirish uchun topshirish to`g`risidagi Shartnomani (Nur-Sulton, 2021 yil 6 dekabr) ratifikasiya qilish haqida”, “O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o`rtasida harbiy sohada hamkorlik to`g`risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikasiya qilish haqida”, “O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o`rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik to`g`risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlar ham ma`qullandi.
Senat yalpi majlisining ikkinchi ish kunida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisoboti eshitiladi. Tashqi ishlar vazirligining 2022 yildagi faoliyati to`g`risidagi axboroti ko`rib chiqiladi.
Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta`minlash choralari yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga parlament so`rovi yuborilishiga oid masala ham muhokama etiladi.
Senatning Orolbo`yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta`minlash hamda zamonaviy innovasion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo`yicha belgilangan vazifalar ijro etilishi yuzasidan 2022 yil 7 oktyabrda qabul qilingan SQ-638–IV-sonli qarori bajarilishi to`g`risidagi masala ham kun tartibidan o`rin olgan.






