AsosiyDunyo

Qirg`izistonning barcha sobiq prezidentlari bir joyga to`planib, bir-birlaridan kechirim so`rashdi

'Qirg`izistonning barcha sobiq prezidentlari bir joyga to`planib, bir-birlaridan kechirim so`rashdi'ning rasmi

Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatning barcha sobiq prezidentlarini bir muzokara stoliga yig`di. Davlat rahbarining 18 fevral kuni o`tkazgan ushbu uchrashuvidan ko`zlangan maqsad qirg`iz xalqini jipslashtirish, mamlakat taraqqiyotiga to`sqinlik qilayotgan ichki qarama-qarshiliklarni bartaraf etishdan iborat ekanligi ma`lum qilindi.

Japarovning matbuot kotibi Erbol Sultonboevning aytishicha, yig`ilganlar orasida sobiq prezidentlar Asqar Akaev, Qurmanbek Bakiev, Roza Otunbaeva, Almazbek Atamboev va Sooronbay Jeenbekov ham bor. "Ma`lum sabablarga ko`ra joy sifatida neytral hudud belgilandi", deya qo`shimcha qildi matbuot kotibi. Bishkekdagi manbalar uchrashuv Dubayda  bo`lib o`tganini xabar qildi.

“Evroosiyo hududida buyuk davlatlarni yaratgan qadimgi qirg`izlarning bugungi ahvoli qanday? Birlik bo`lmagani uchun, hokimiyat uchun kurash tufayli biz qadimiy imperiyamizdan ayrilib, O`rta Osiyoning bir go`shasida qolib ketayotgandek bo`lamiz. Mustaqilligimizni e`lon qilgan bo`lsak ham taraqqiyotimizga nima to`sqinlik qilmoqda? Endi bizda shimol va janubga, ettita hududga bo`linish bor, ularning har biri o`zi uchun g`amxo`rlik qiladi. Afsuski, hozir Qirg`iziston aholisi u yoki bu prezident tarafdorlariga bo`lingan”, — deydi Japarov.

Sadir Japarovning fikricha, har bir prezidentning tarafdorlari, etti viloyat aholisi bir yo`nalishga e`tibor qaratib, siyosatni tark etib, millat, iqtisod rivoji haqida o`ylashlari kerak.

“Sobiq prezidentlar noroziliklarini aytib, kamchiliklarini tan olishdi. Eng muhimi, ular bir-birlarini kechira olishdi. Bu mening maqsadim edi”, — deya qo`shimcha qildi amaldagi prezident.

Mustaqil Qirg`izistonning birinchi prezidenti Asqar Akaev (1991-2005) bo`lgan. U inqilobdan keyin mamlakatni tark etib, Moskvaga joylashdi. Uning o`rniga kelgan Qurmanbek Bakiev hokimiyatda besh yil qoldi, 2010 yildagi inqilobdan keyin u ham mamlakatni tark etib, Minskda yashay boshladi. Roza Otunbaeva bir yarim yil davom etgan o`tish davrining prezidenti bo`ldi. Almazbek Atamboev (2011-2017) bir nechta jinoyatlarda ayblanib, 2020 yilda 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2023 yil fevralida sud sobiq prezidentga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qildi, shundan so`ng unga davolanish uchun mamlakatni tark etishga ruxsat berildi. Sooronbay Jeenbekov 2020  yildagi ommaviy noroziliklardan so`ng o`z lavozimini erta tark etgan edi.

    Boshqa yangiliklar