Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ–817, 15.02.2022 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi qonunga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o`tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to`langan bo`lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo`shib hisoblanadi.
Shuningdek, “Jinoyat-ijroiya kodeksi”ga mahkumlarning tuzalish yo`liga o`tganligini aniqlash mezonlari kiritildi.
Mahkumlarning tuzalish yo`liga o`tganligi komissiya tomonidan har chorak yakunlariga ko`ra quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi:
- mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda bo`lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko`nikmalarining shakllanganligi, o`qishga va kasb-hunar o`rganishga qiziqishi;
- mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma`rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo`lishga intilishi;
- mahkumning jazoni ijro etish muassasasida o`rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag`batlantirish choralari qo`llanilganligi, unga intizomiy jazo chorasi qo`llanilmaganligi.
Mahkumni tuzalish yo`liga o`tgan yoki o`tmagan deb topish to`g`risidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yig`majildiga qo`shib qo`yiladi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






