“Tez yordam” xizmatining eng asosiy vazifasi og`ir ahvoldagi bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatishdan iborat. Biroq ayrim paytlarda fuqarolardan tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga o`z vaqtida etib bormagani haqidagi e`tirozlarni eshitib qolamiz. Bunga esa aksariyat hollarda yolg`on murojaatlar sabab bo`ladi.
Boisi mazkur vaziyatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolg`on qo`ng`iroq egasi va uning manzilini aniqlash bilan ovora bo`ladi. Bu holat esa o`z navbatida “103” xizmati sifati va tezligiga salbiy ta`sir etadi. Bu mavzuda SSV Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev bilan suhbatlashdi.
— Avvallari aholidan yolg`on chaqiriqlar juda ko`p bo`lgan, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. — Biroq koronavirus pandemiyasi davrida aksariyat yurtdoshlarimizda tibbiy savodxonlik va shaxsiy mas`uliyat ortib, ular “Tez yordam” xizmatining ahamiyati nechog`lik muhim ekanini anglab etdi. Natijada bugunga kelib, yolg`on va asossiz chaqiriqlar soni ancha kamaydi.
Raqamlarni tahlil qilsak, 2022 yil “103” xizmatiga jami 5 ming 446 ta ana shunday murojaat kelib tushdi. Quvonarlisi, mazkur ko`rsatkichni 2021 yil bilan taqqoslasak, ular soni qariyb 2 barobar kamayganini ko`rish mumkin.
Ammo ayrim hududlarda hamon yolg`on chaqiriqlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Tahlillar shuni ko`rsatadiki, 2022 yil davomida eng ko`p bunday murojaat Toshkent viloyatida qayd etilib, mazkur raqam 1 ming 149 tani tashkil etdi. Keyingi o`rinda Navoiy viloyati qayd etildi — 851 ta. Shuningdek, Farg`ona viloyatidan 779 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolg`on chaqiriq esa Jizzax viloyatida ro`yxatga olindi — 20 ta.
18.01.2023 17:36
2022 yil “Tez yordam”ga eng ko`p yolg`on chaqiriq Toshkent viloyatidan kelib tushgani aniqlandi






