AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurdi

'Shavkat Mirziyoev Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurdi'ning rasmi

17 yanvar kunining ikkinchi yarmida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Singapurga davlat tashrifi doirasida jahonning etakchi oliy ta`lim muassasalaridan biri bo`lgan Singapur milliy universiteti huzuridagi Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurdi.

Singapurning birinchi Bosh vaziri va ushbu mamlakat “iqtisodiy mo``jizasi” muallifi Li Kuan Yu sharafiga nomlangan maktab davlat siyosati va xalqaro munosabatlar sohasida magistratura dasturlari asosida kadrlar tayyorlashga, ilmiy va siyosiy tadqiqotlar o`tkazishga ixtisoslashgan.

Qator yillar davomida maktab oliy ta`lim muassasalarining xalqaro reytinglarida etakchi o`rinlarni egallab kelmoqda. Bu erda xorijiy mamlakatlarning yuqori darajadagi mansabdor shaxslarini o`qitish uchun qisqa muddatli dasturlar ham tashkil etilgan.

Ma`lumki, Singapur erishgan iqtisodiy va ijtimoiy muvaffaqiyatlarda chuqur o`ylangan kadrlar siyosati, malakali, mas`uliyatni his etgan va halol rahbar kadrlarni tayyorlashga ustuvor e`tibor muhim o`rin tutgan. Mamlakatimiz etakchisi ham o`z faoliyatining boshidanoq ushbu masalalarga alohida e`tibor qaratib keladi. Shu ma`noda, Singapurning davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi tajribasini o`rganish va qo`llash katta ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari maktab faoliyati bilan batafsil tanishib, o`quv muassasasi rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

O`zbekiston Prezidenti huzurida O`zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi va Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi o`rtasida hamkorlik to`g`risida bitim imzolash marosimi bo`ldi.

So`ng Prezidentimiz Singapurning etakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazdi.

Tadbirda Singapur mehnat vaziri – savdo va sanoat ikkinchi vaziri Leng Si Tang, Singapur biznes federasiyasi raisi Ming Yan Lim, ushbu mamlakatning Indorama, Meinhardt group, CPG Corporation, Changi Airports, Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti, TMC Academy, Virtus Health kabi 15 ta yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, uning yangi 2023 yildagi ilk tashrifi aynan Singapurga bo`layotgani O`zbekistonning ushbu mamlakat bilan mustahkam va o`zaro manfaatli munosabatlarni yo`lga qo`yishga alohida e`tiboridan dalolat ekaniga e`tibor qaratdi.

Yurtimizdagi tizimli islohotlar tufayli investisiyalar hajmi YaIMning 30 foizidan ortiq darajaga etdi. 2022 yilning o`zida O`zbekiston iqtisodiyotiga 8 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb qilindi.

Kuni kecha o`tgan O`zbekiston-Singapur biznes forumining natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi: uning doirasida umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik yangi investisiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandi.

- Bu hamkorligimiz ancha faollashganidan, muvaffaqiyatli kechayotganidan, O`zbekiston-Singapur munosabatlari amaliy va sifatli mazmun bilan boyiganidan dalolat beradi, - dedi Prezidentimiz.

Lekin sheriklik salohiyati hali to`liq ishga solinmagan. Prezident Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, mamlakatlarimiz ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qodir.

- Singapur kompaniyalarining ilg`or tajribasi bizda katta qiziqish uyg`otmoqda, - dedi davlatimiz rahbari. – Ishonchim komilki, singapurlik hamkorlarning innovasiya va texnologiyalari O`zbekistonning resurslari va kadrlar salohiyatiga qo`shilsa, bo`lajak qo`shma loyihalar barqaror rivojlanadi.

O`zbekiston etakchisi uzoq muddatli va o`zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo`nalishlarni ko`rsatib o`tdi. Singapur kompaniyalarining O`zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtiroki, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, kimyo va to`qimachilik, “yashil” iqtisodiyot, ta`lim, sog`liqni saqlash va boshqa yo`nalishlardagi qo`shma loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

O`zbekiston Singapur tadbirkorlarini zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta`minlash, imtiyozlar va kafolatli xaridlar shaklida keng qo`llab-quvvatlash, boshqa ko`mak choralarini taqdim etishga tayyor ekani bildirildi.

Yurtimizdagi islohotlar xorijiy hamkorlar orasida O`zbekistonning ishonchli va barqaror sherik sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilganini ta`kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoev singapurlik ishbilarmonlarni o`zaro manfaatli hamkorlik uchun ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanish va iqtisodiyotimizga faol investisiya kiritishga chaqirdi.

Sheriklikni kengaytirish yuzasidan batafsil fikr almashildi. Singapur biznesi vakillari o`z chiqishlarida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi, mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan aniq loyihalarini taqdimot qildi.

Ishbilarmonlar delegasiyasining har bir a`zosi bilan suhbatlashib, davlatimiz rahbari tadbirkorlarni yaratilgan qulay investisiya muhiti bilan shaxsan tanishish uchun mamlakatimizga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston tomoni mutasaddilariga tadbirda aytilgan barcha loyihalarni, ularni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlarini, aniq muddat va ijrochilarini kiritgan holda tegishli Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Singapurga samarali davlat tashrifi yakuniga etdi.

“Changi” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Singapurning rasmiy shaxslari kuzatib qo`ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo`nab ketdi.

    Boshqa yangiliklar