AsosiyJamiyat

"Yo Rossiyaning barcha shartlariga ko`nib, energiya qaramligiga tushamiz yoki sabr matonat bilan sovuqni engib o`tib, energiya mustaqilligiga erishamiz"

'"Yo Rossiyaning barcha shartlariga ko`nib, energiya qaramligiga tushamiz yoki sabr matonat bilan sovuqni engib o`tib, energiya mustaqilligiga erishamiz"'ning rasmi

Sobiq deputat Rasul Kusherbaev O`zbekiston gaz ta`minotidagi uzilishlar va Rossiyaning bosimi ostida qolayotgan gaz siyosati haqida gapirdi. 

"Hal qiluvchi palla: qaysi yo`lni tanlaymiz?

Kuni kecha Gazeta.uz bir nechta manbalarga tayanib, Rossiya o`z gazini O`zbekistonga Qozog`iston orqali, “Markaziy Osiyo – Markaz” quvurlar tarmog`ida etkazib berishni taklif qilganligini yozdi (https://www.gazeta.uz/ru/2023/01/14/gas/).

Buning uchun Rossiya O`zbekistonning gaz-transport tizimini bozor narxida “Gazprom” egaligiga o`tkazishni talab qilmoqda.

Xuddi shunday talab “Qozoqgaz” kompaniyasiga nisbatan ham qo`yilgan, lekin kompaniya buni rad etgan.

Shuningdek, Rossiyaning yana bir sharti Xitoyga gaz eksporti huquqini topshirish bo`lgan. Ya`ni “Gazprom” kelishuvda O`zbekistonning “UzGasTrade” kompaniyasi o`rnini egallashni taklif qilmoqda.

️Agar bu talablarga rozi bo`linsa tom ma`noda O`zbekiston energiya sohasida Rossiyaga qaram bo`ladi, deyish mumkin.  

Bu aslo yo`q qo`yib bo`lmaydigan holat!

Kamiga Turkmanistondan gaz olish bo`yicha kelishuvlar ham bosim ostida qolib ketmoqda. Katta ehtimol bilan bunga ham Rossiya aralashgan.

Afsuski bugungi sovuq kunlardagi energiya ta`minotidagi muammolar sabab odamlarda bo`layotgan norozilik kayfiyati Rossiya foydasiga o`ynamoqda.

Bu ketishda O`zbekiston rahbariyati odamlardagi e`tirozlar sabab Rossiyaning shartlarni qabul qilish evaziga tezkor gaz olishni yagona yo`l sifatida ko`rayotgan bo`lishi mumkin.

Sovuqdan qiynalayotgan odamlarimizdagi kayfiyat ayni o`rinda Rossiyaning o`z talablarini O`zbekistonga o`tkazish uchun qo`l keladi.

Bu vaziyatda oldimizda ikkita yo`l qolmoqda: yo Rossiyaning barcha shartlariga ko`nib, energiya qaramligiga tushamiz yoki sabr matonat bilan sovuqni engib o`tib, energiya mustaqilligiga erishamiz.

Tanlovning qanday bo`lishi odamlarimizning vaziyat bo`yicha pozisiyalariga bog`liq bo`ladi.

Lekin shaxsan men bu masalada Rossiyaga qaram bo`lmaslik tarafdoriman va kelajagimiz uchun qancha sinov, qiyinchilik bo`lsa chidashga tayyorman",–deydi Kusherbaev o`zining telegram sahifasida.

    Boshqa yangiliklar