Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
"O`zbek adabiyoti va madaniyati og`ir judolikka uchradi. O`zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a`zosi Enaxon Siddiqova shu yil 13 yanvar kuni 68 yoshida vafot etdi.
Enaxon Siddiqova 1954 yil 28 avgustda Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanida tug`ildi. 1976 yilda Farg`ona davlat pedagogika instituti (hozirgi Farg`ona davlat universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi.
Mehnat faoliyatini 1976 yilda o`qituvchilikdan boshlab, Oltiariq va Farg`ona tumanlaridagi maktablarda o`zbek tili va adabiyoti fani o`qituvchisi, maktab direktori bo`lib ishladi. Qator yillar Farg`ona tumani va Farg`ona viloyati hokimliklarida mas`ul vazifalarda ishlab, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish, barkamol avlod tarbiyasi yo`lida faollik ko`rsatdi.
Ayni vaqtda iste`dodli shoira, jonkuyar jamoatchi sifatida tanildi. Uning ko`p yillik ijodiy izlanishlari mahsuli bo`lgan, el-yurtimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg`usi mahorat bilan tarannum etilgan “Qorako`z turnalar”, “Ko`nglim ufqlari”, “So`z ustidagi dunyo”, “E`zozli ayollar”, “Ona haqida qo`shiq”, “Barxanlarda ungan gul” singari o`nlab asarlari kitobxonlar qalbidan munosib joy egalladi.
Enaxon Siddiqova 2001 yildan hozirgi vaqtga qadar O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg`ona viloyati bo`limi rahbari sifatida qizg`in mehnat qildi. U viloyatda adabiyot, madaniyat va san`atni rivojlantirish, joylarda ilm-fan va kitobxonlikni keng targ`ib qilish orqali xalqimiz ma`naviyatini yuksaltirish borasida samarali xizmat qildi. Yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularning salohiyatini ro`yobga chiqarishda tashabbuskor bo`ldi.
Ayniqsa, Farg`ona viloyatida O`zbekiston Qahramoni, ulug` o`zbek shoiri Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini tashkil etish va uning faoliyatini yo`lga qo`yishda chinakam jonbozlik ko`rsatib xizmat qildi.
U 2015 yildan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a`zosi sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish, ijtimoiy va ma`naviy taraqqiyotimiz uchun zarur bo`lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qo`shdi.
Enaxon Siddiqovaning o`zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Do`stlik” ordenlari bilan taqdirlangan edi.
Taniqli ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Enaxon Siddiqovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi"
Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Saidov, X.Bozorov






