Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg`ona shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Farg`ona shahri va Asaka tumanida imtiyozli kredit mablag`larini o`zlashtirgan shaxslar va hokim yordamchisi aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xabar bermoqda.
“I.” MFY bo`yicha hokim yordamchisi A.X. aholiga imtiyozli kredit olish uchun tavsiya qilish vakolati berilganligidan foydalanib, “Sh.” XK rahbari I.I. va fuqaro T.T. (firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) va boshqalar bilan o`zaro til biriktirib, soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali ushbu MFYda yashamaydigan 2 nafar fuqaro nomiga jami 61,5 mln so`m imtiyozli kredit ajratishga erishib, ushbu mablag`larini talon-toroj qilgan.
Shu kabi, Departamentning Asaka tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan M.H., “N.” MFY bo`yicha hokimning sobiq yordamchisi M.J. bilan o`zaro til biriktirib, 2022 yilning avgust-oktyabr oylarida 7 nafar fuqaroga parrandachilik bilan shug`ullanish uchun 229,7 mln so`m imtiyozli kredit ajratishga erishib, ta`minotchi korxonalardan tovuqlarni qabul qilib olishib, fuqarolarga etkazib bermaganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firigarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






