Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti 11 yanvar kuni Hindistonning Marion Biotech ishlab chiqaruvchisining "Dok-1 Maks" va "Ambronol" siroplari sifat standartlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirish e`lon qildi. Bu dorilar O`zbekistonda kamida 20 nafar yosh bolaning o`limiga sabab bo`lgan.
JSST holat bo`yicha xabarnomani O`zbekistondan 22 dekabr kuni olganini bildirdi. Tashkilot ikkita dori vositasini "standartga nomuvofiq bo`lgan suyuq dori vositalari (kontaminasiyalangan)" ro`yxatiga kiritdi. "Bugungacha ishlab chiqaruvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati haqida kafolat bermagan", deyiladi bayonotda.
JSST O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi tomonidan o`tkazilgan tahlillarda preparatlar tarkibida ko`p miqdorda dietilenglikol va etilenglikol topilganini qayd etdi.
"Ushbu mahsulotlarning ikkalasi ham boshqa mamlakatlarda [JSSTning Evropa mintaqasida] sotish uchun tasdiqlangan bo`lishi mumkin. Shuningdek, dorilar boshqa mintaqalardagi norasmiy bozorlar orqali ham tarqatilgan bo`lishi ehtimoldan xoli emas", — deydi tashkilot.
JSST xabarnomasida dietilenglikol va etilenglikol odamlar uchun zaharli hisoblanishi va qabul qilingan taqdirda, o`limga olib kelishi mumkinligi aytib o`tilgan.






