Turkmaniston Xalq kengashi (parlamentning yuqori palatasi) raisi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat Konstitusiyasini o`zgartirish va bir palatali parlamentga qaytish hamda Xalq maslahatini o`zgartirishni taklif qildi. Bu haqda “Turkmaniston: oltin asr” nashri xabar berdi, deya yozmoqda UzA.
Sobiq prezident bu taklifni parlamentning ikki palatasining qo`shma yig`ilishida ilgari surdi. U bu taklifni “qonun chiqaruvchi hokimiyatni zamonning real ehtiyojlaridan kelib chiqib takomillashtirish zaruriyati” bilan izohladi.
Katta Berdimuhamedovning fikricha, Xalq maslahati tarkibiga o`zi, mamlakat prezidenti, Majlis raisi va deputatlar, Oliy sud raisi, Xavfsizlik kengashi kotibi, Vazirlar Mahkamasining a`zolari, Ombudsman, Bosh prokuror, viloyatlar rahbari va jamoatchilik vakillari kiradi.
So`zga chiqqan barcha parlament a`zolari Berdimuhamedovning g`oyasini to`liq qo`llab-quvvatladilar, deyiladi xabarda.
Palatalarning navbatdagi qo`shma yig`ilishi 21 yanvarda bo`lib o`tishi ma`lum qilindi.
Turkmaniston Konstitusiyasi qabul qilingan 1992 yildan beri 1995, 1999, 2003, 2006, 2008, 2016 va 2020 yillarda o`zgartirishlar kiritilgan.






