Avval xabar berganimizdek, bugun, 7 yanvar kuni soat 05:20 da Buxoro viloyati G`ijduvon tuman FV bo`limiga G`ijduvon tumani “Degrezon” MFY Degrezon ko`chasida joylashgan 2 qavatli savdo majmuasida yong`in sodir bo`layotganligi to`g`risida xabar tushgan.
Xabarga asosan yong`in-qutqaruv ekipajlari soat 05:23 da voqea joyiga etib borib, yong`in soat 05:45 da qurshab olingan va soat 07:50 da to`liq bartaraf etilgan. Yong`inga 9 ta yong`in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.
Dastlabki ma`lumotda 250 kv.m maydon zararlangani to`g`risida xabar berilgan edi. Mutaxassislar tomonidan yong`indan so`ng olib borilgan atroflicha o`rganishlar davomida 2 qavatli savdo majmuasining “B” blokidagi savdo do`konlarining 960 kv.m maydonda joylashgan 61 ta do`kon va ichidagi jihozlari (oziq-ovqat, kiyim-kechak va porfumeriya buyumlari) yonib zararlangan.
Qutqaruvchilarning sa`y-harakatlari natijasida yong`indan savdo majmuasining “B” bloki erto`la qismidagi 64 ta savdo do`koni hamda majmuaning 6000 kv.m maydondagi A,B bloklaridagi erto`la qismi va 1-qavatdagi jami 256 ta savdo do`konlari saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo`lganlar yo`q.
Sodir bo`lgan yong`in yuzasidan viloyat IIB va FVB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yong`in sababini aniqlash maqsadida yong`in-texnik ekspertizasi tayinlangan.
Voqea joyiga viloyat Hokimi va o`rinbosari, viloyat FVB rahbariyati, IIB, SSB, prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlar mas`ul xodimlari chiqishgan.






