Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev O`zbekistonda kutilayotgan anomal sovuq munosabati bilan hokim o`rinbosarlari va qator boshqarmalar boshliqlari ishtirokida yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Unda, poytaxt hokimi O`zbekiston hududiga keskin sovuq ob-havoning kirib kelishi munosabati bilan har qanday talofatlarning oldini olish bo`yicha mutassaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.
Jumladan, 9 yanvardan 18 yanvargacha shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalar va ularning tuman bo`limlarida har qanday majlislar (jumladan Zoom shaklida), tadbirlar, mas`ullarni asosiy faoliyatidan chalg`ituvchi boshqa yig`ilishlarni o`tkazish taqiqlanadi, shuningdek, vaziyatlarni boshqarish yuzasidan topshiriqlar telefon va onlayn aloqa tizimlari orqali to`g`ridan-to`g`ri beriladi. Bundan tashqari, mutassaddilarga quyidagi topshiriqlar yuklatildi:
- qolipli non ishlab chiqaruvchilarga gaz va elektr energiyasi uzluksiz etkazib berilishini nazoratga olish;
- oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashini ta`minlash;
- shahar jamoat transportining tizimli ishlashi choralarini ko`rish;
- markaziy va ichki yo`llarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalashni tashkil qilish;
- boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko`p qavatli uylar yo`laklarini qor va muzlamalardan o`z vaqtida tozalashni ta`minlash;
elektr tizimida avariyalarni tezkor bartaraf etish; - tug`ruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylarining issiqlik ta`minotini alohida nazoratga olish, ulardagi mavjud elektr generatorlarini yoqilg`i bilan ta`minlash, to`xtovsiz ishlashi uchun shay holatga keltirish;
- favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 2 kun muddatda jamoat joylarida yong`in xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qayta ko`rik-nazorat tadbirlarini o`tkazilishini ta`minlash;
- aholini jamoat transportidan foydalanishiga keng imkoniyatlar yaratish va imkon qadar shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslikni tavsiya etish;
- navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashini nazoratga olish;
- 2 kun muddatda 103 tez tibbiy yordam mashinalarini tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta`minlanganlik darajasini ko`zdan kechirib, etishmovchiliklarni to`ldiriladi.
Shuningdek, ko`chada xizmat qilayotgan yo`l harakati xavfsizligi xizmati va obodonlashtirish xodimlarini issiq choy va egulik, ixcham termos idishlari bilan ta`minlanadi.






