Jizzax shahrida Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filiali hamda Jizzax viloyatida eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan viloyat Bolalar diagnostika markazi tashkil etiladi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Mazkur filialning asosiy vazifalari etib hududda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, xorijiy oliy ta`lim muassasalarining ilg`or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o`quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish kabilar belgilanmoqda.
Shuningdek:
– fundamental, amaliy va innovasion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning echimiga qaratish, tibbiy ta`lim, fan, innovasiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog`liqligini ta`minlash;
– xorijiy tibbiyot oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o`qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo`shma ta`lim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish;
– respublika va xorijiy oliy ta`lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga iqtidorli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filial ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini oshirib borish;
– Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun ta`lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg`or xalqaro tajribani tatbiq etish.
2023/2024 o`quv yilidan Jizzax davlat pedagogika universitetining «Davolash ishi» va «Pediatriya ishi» bakalavriat ta`lim yo`nalishida tahsil olayotgan talabalarga o`qishini Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filialida davom ettirishlariga ruxsat beriladi.






