Energetika vaziri raisligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida energetika tizimini yaqinlashib kelayotgan sovuq ob-havoga tayyorlash bo`yicha barcha zarur choralarni ko`rish topshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob`ektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko`mir mahsulotini barqaror etkazib berish choralari ko`rilishi ta`kidlandi. Buning uchun:
1. Avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi;
2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz etkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi;
3. Energotizimdagi yirik iste`molchilarning kunlik elektr energiyasi iste`moli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste`moliga yo`naltiriladi;
4. Energotizimda sodir bo`lishi mumkin bo`lgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha iste`molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta`minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi;
5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini ta`minlash maqsadida kuniga o`rtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz etkazib beriladi;
6. Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna ko`mir yoqilg`isi zaxirasi yaratildi;
7. Iste`molchilarga kunlik ko`mir etkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.
Yig`ilishda sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo`lgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshishi ta`kidlandi.
Qayd etilishicha, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta`minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta`minlaydilar, deyiladi xabarda.






