Ijtimoiy tarmoqlarda umra ziyoratini ado etib kelgan ayolni kutib olishda uning qadami ostiga sholchalar, kiyimlar to`shalgani, yosh bolani ziyoratchining oyog`i ostiga bostirilishi aks etgan videolavha muhokamalarga sabab bo`ldi. O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi.
"Haqiqatda umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yo`l qo`yishi kuzatilmoqda. Ba`zi hollarda umra safaridan kelganlarni dabdaba-yu as`asa ila kutib olish, ko`cha boshidan payondozlar solish holati ko`paymoqda. Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid bo`lib, unday ishlarni qilayotganlar o`ta johil va nodon kishilardir. Ehtimol, bu ishlari bilan ular o`zlarining Allohning baytiga bo`lgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidirlar. Lekin, ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va og`ir gunoh.
Aslida, dinimizda ibodatni odamlarning ko`zidan yashirishga, ko`z-ko`z qilmaslikka buyuriladi. Riyokorlik – odamlar ko`rishi uchun bir ishni qilish. Chunki undan Allohning roziligi emas, balki bandalarning ko`rishi nazarda tutilgan bo`ladi. Musulmon kishi har bir ishni qilishda Alloh taoloning roziligini qasd qilishi lozim. Agarda kishi bir amalga “odamlar meni ko`rib qo`ysin”, degan qasd bilan kirishsa, shu amali bekorga ketib, ustiga-ustak gunohkor ham bo`ladi.
Imom Shamsuddin Zahabiy “Al-Kaboir” nomli kitobida: “Riyokorlar Qiyomat kunida to`rtta nom bilan chaqiriladi: “Ey riyokor!”, “Ey xiyonatkor!”, “Ey fojir!”, “Ey ziyonkor!”. Kim uchun amal qilgan bo`lsang, o`shandan ajr-mukofotingni ol. Bizning huzurimizda sen uchun ajr yo`q”, deyiladi”, deb bayon etilgan.
Shunday ekan, dabdabali marosimlar uchun qiladigan sarf-xarajatlarni tejab, yon-atrofimizdagi muhtoj kishilarga bersak, farzandlarimizning talim olishi yo`lida sarflasak, ibodat qabul bo`lishi uchun bir vasila bo`lar edi, insha Alloh",–deyiladi Fatvo markazi munosabatida.






