Bu haqda Sog`liqni saqlash vaziri lavozimida ish boshlagan Amrillo Inoyatov boshchiligida vazirlik markaziy apparati xodimlari, barcha hududiy boshqarmalar hamda tuman tibbiyot birlashmalari, ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o`quv yurtlari mas`ullari ishtirokida kengaytirilgan Hay`at yig`ilishida ma`lum qilindi.
Unda oliy ta`lim muassasalarining o`quv dasturlari AQSh, Janubiy Koreya, Germaniya va Rossiya standartlari asosida qayta ko`rib chiqilib, 2023/2024 o`quv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura o`quv rejalariga nanotexnologiya, tibbiyot genetikasi, IT-texnologiyalar kabi fanlar kiritilishi va xorijiy pedagoglarni jalb qilgan holda o`quv jarayonlari tashkil etilishi, ta`lim muassasasini bitirayotgan har bir mutaxassis kamida 1 ta chet tiliga mukammal ega bo`lishi uchun harakat qilinishi belgilab berildi.
Vazir tibbiyotda etakchi bo`lgan xorijiy universitetlar darslik va ilmiy ishlari asosida o`zbek hamda qoraqalpoq tillarida yangi avlod tibbiy adabiyotlari yaratilishi, talabalarning nazariy va amaliy bilim-ko`nikmalarini baholash bo`yicha ikki bosqichli yangi tizim joriy etilishi haqida ham aytib o`tdi.
“Ta`lim yo`nalishidagi byurokratik to`siqlarga barham beriladi. Jumladan, metodik qo`llanmalar, monografiyalar, uslubiy qo`llanmalar, ilmiy ishlarga xulosalar berishni vazirlik tomonidan tasdiqlash tizimi bekor qilinib, bu boradagi barcha vakolatlar OTM va ixtisoslashtirilgan markazlarga beriladi.
Bundan tashqari, 2023 yil 1 apreldan boshlab, malaka toifasi olish bo`yicha taqdim etiladigan hujjatlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat elektron shaklda qabul qilish tartibi joriy etiladi. Malaka toifa sertifikatlari QR-kod qo`yilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Keyingi yildan boshlab farmasevtika va tibbiyot xodimlari faoliyatini bosqichma-bosqich lisenziyalashga o`tamiz, — dedi A.Inoyatov”.
Eslatib o`tamiz, Sog`liqni saqlash vaziri lavozimga tayinlangan ilk kunlardan boshlab tizimni korrupsiyadan tozalashga kirishgan edi.






