AsosiyJamiyat

O`tkir Hoshimovning merosxo`ri sudda yutib chiqdi

'O`tkir Hoshimovning merosxo`ri sudda yutib chiqdi'ning rasmi

O`zbekiston xalq yozuvchisi O`tkir Hoshimovning merosxo`ri F.Hoshimov muallifning asarlariga bo`lgan mulkiy huquqlarini himoya qilish maqsadida adliya organlariga murojaat qilgan. Bu haqda Intellektual mulk departamenti xabar bermoqda, deydi @bahodirahmedoff kanali.

Adliya organlari tomonidan O`.Hoshimov asarlaridan merosxo`rning ruxsatisiz hamda tegishli tartibda shartnoma tuzmasdan foydalangan «Z.K.» nomli nashriyotning mansabdor shaxsiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 177(1)-moddasi bilan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan va tegishli sud tomonidan jarima jazosini tayinlangan. Bundan tashqari, qonunchilikda muallif asaridan ruxsatsiz foydalanish natijasida etkazilgan zarar qoplanishi uchun BHMning 20 baravaridan ming baravarigacha tovon to`lanishi belgilangan.

Shunga muvofiq, da`vogar F.Hoshimov Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma`naviy zarar undirish haqidagi da`vo arizasini kiritgan edi. Natijada sud da`vogar F.Hoshimov foydasiga «Z.K.» nashriyotining mansabdor shaxsiga nisbatan 12 million 500 ming so`m miqdorda tovon puli to`lash lozimligi haqida qaror qabul qildi.

Ta`kidlash lozimki, merosxo`r F.Hoshimov muallifligidagi asarlariga bo`lgan huquqlarini himoya qilish hamda huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahri, Toshkent va Xorazm viloyatlarida yozuvchi O`.Hoshimov asarlarining kontrafakt nusxalarini sotayotgan shaxslarga nisbat tegishli taqdimnomalar kiritilgan.

    Boshqa yangiliklar