Toshkent shahar IIBB xodimlari uydan seyfni o`g`irlaganlikda gumonlanuvchi shaxslarni qo`lga oldilar. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning dekabr oyida Shayxantohur tumani IIO FMBga 41 yoshli Feruza N. uyidan pul va zargarlik buyumlari yo`qolganligi haqida ariza bilan murojaat qilgan.
Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilingan, 32 yoshli Maxbuba A. va 34 yoshli Matluba K. aniqlanib, qo`lga olindilar. Ular uy egalarining yo`qligidan foydalanib, uy xonalaridan birining eshigini kalit tanlash yo`li bilan ochib, ichida 7 000 AQSh dollari va jami 90 000 AQSh dollarlik tilla taqinchoqlari bo`lgan seyfni o`g`irlab ketishganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi («O`g`rilik») bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.






