Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan joylarda o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida firibgarlik bilan bog`liq noqonuniy holatlarga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Samarqand viloyatidagi tumanlardan birining Favqulodda vaziyatlar bo`limi boshlig`i viloyat Boshqarmasidagi mansabdor shaxslar orqali mahalliy fuqaroni o`zi rahbarlik qilayotgan bo`limga ishga qabul qilinishida yordam berish evaziga undan 2000 AQSh dollari talab qiladi.
DXX viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so`ralgan puldan 1000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
DXX Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda esa aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Qo`qon filiali boshqaruvchisi mahalliy xususiy korxonaga ajratilgan kreditdan bo`lgan 62 million so`m qarzdorlikni so`ndirib berish hamda ushbu qarzdorlik bo`yicha qo`yilgan ta`qiqni bekor qilinishi uchun Majburiy ijro byurosiga xat qilib berish evaziga 3500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168- (firibgarlik) moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






