Mutaxassislar fikricha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o`lim xavfini 28 foiz, yurak kasalliklariga chalinish ehtimolini esa 20 foizga kamaytiradi. Bu haqda SSVning telegram kanalida vazirlik huzuridagi Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Nodira Alixanova quyidagi tushuntirishlarni bergan:
Piyoda yurish orqali organizm sezilarli darajada kaloriya yo`qotadi. Masalan, 70 kg. vaznli kishi yugurish vaqtida soatiga taxminan 500-600 kkal., piyoda yurish davomida 250 kkal. sarflaydi.
Natijada ortiqcha energiya sarflanib, gormonlar ishlab chiqilishi, mushaklardagi qon ta`minoti yaxshilanadi. Umurtqa pog`onalari to`qimalari kislorod bilan to`yinadi. Asab tolalari mustahkamlanib, infarkt va insult kabi og`ir kasalliklar xavfi ikki baravar kamayadi.
Yurganda har daqiqada 5 kkal. yo`qotiladi. Og`irlik qancha ko`p bo`lsa, energiya shuncha ko`p sarflanadi. Misol uchun, 1,5 kilometr yurganda:
72 kg. vaznli inson — 105 kkal.,
100 kg. vaznli kishi — 135 kkal. yo`qotadi.
Piyoda yurish orqali organizmdagi barcha ortiqcha tuzlar va toksinlar chiqib ketadi. Natijada tana tozalanib, inson engil harakatlanadi, sog`ligi yaxshilanadi va umri uzayadi.






