Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) axborot xizmatining xabar berishicha, ombudsmanga Jizzax viloyatidan fuqaro D.T. pensiya tayinlash rad etilgani bo`yicha murojaat qilgan.
Ushbu murojaat Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O`tkir Jo`raev tomonidan o`rganilganda ma`lum bo`lishicha, murojaatchi haqiqatdan ham 1990-2015 yilgacha Zomin tumanida ijtimoiy xodima vazifasida faoliyat yuritgan. Lekin, mehnat daftarchasini yo`qotgani sababli Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi Zomin tuman bo`limining qarori bilan pensiya tayinlash rad etilgan.
Mintaqaviy vakil tomonidan fuqaro D.T.ning BTPJ Zomin tuman bo`limida arxiv hujjatlari o`rganilib, uning haqiqatdan ham ishlaganligi aniqlandi va “Buyruqlar kitobi”dan ko`chirmalar olindi.
Shundan so`ng, Ombudsman tomonidan fuqaro D.T.ning manfaatida sudga ishlaganlik faktini belgilash yuzasidan ariza kiritildi.
Fuqarolik ishlari bo`yicha Zarbdor tumanlararo sudining tegishli hal qiluv qarori bilan Ombudsmanning arizasi qanoatlantirilib, fuqaro D.T.ning 1990 yil 1 oktyabrdan 2015 yil 14 maygacha ishlaganlik fakti belgilab berildi.
Hozirda sudning mazkur qaroriga asosan fuqaro D.T.ga pensiya tayinlandi.






