Shavkat Mirziyoev “Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorni qabul qildi.
Qarorga ko`ra, elektr energiyasi manbalarida harakatlanuvchi transportlar hamda ichki yonuv dvigateli va tashqi elektr manbai orqali zaryadlanuvchi elektr motori yordamida harakatlanuvchi transportlarni sanoat usulida ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
2030 yil 1 yanvargacha:
- respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizasiya yig`imidan ozod etiladi;
- xorijdan olib kelinadigan elektromobillarning va gibrid avtomobillarning butlovchi qismlari, xomashyo va materiallar, uskunalar va texnologik jihozlarni, shu jumladan, servis xizmati ko`rsatish uchun ehtiyot qismlari bojxona bojidan ozod etiladi;
- respublikada ishlab chiqarilgan va ichki bozorda sotilgan, elektromobil va gibrid avtomobillarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan BHMning 1200 baravaridan oshmaydigan kreditlar bo`yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko`p bo`lmagan qismini qoplash uchun kredit muddatining dastlabki 36 oyi davomida kompensasiya to`lanadi.
Elektromobillar va gibrid avtomobillarda yo`lovchilarni tashish xizmatlarini ko`rsatuvchilar 2030 yil 1 yanvargacha lisenziya varaqalari berilganligi uchun davlat bojini to`lashdan ozod etiladi. 2023 yil 31 yanvargacha Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo`yicha ilmiy tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.






