Qozog`iston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini to`xtatish va o`z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishni talab qiluvchi rezolyusiyasiga qarshi ovoz berdi. Bu haqda tashkilotning ijtimoiy tarmoqdagidagi sahifasida ma`lum qilindi.
Qayd etilishicha, anneksiya qilingan Qrimda inson huquqlarining buzilishi bo`yicha yangilangan rezolyusiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 15 dekabr kuni ko`rib chiqilgan. Hujjatning qabul qilinishi uchun 82 davlat ovoz bergan, 80 davlat betaraf qolgan va 14 davlat qarshi ovoz bergan.
Qarshi ovoz berganlar orasida Rossiya, Belarus, Qozog`iston, Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya, Suriya va boshqalar bor. Ostona buni "maxsus harbiy operasiya" niqobi ostida Ukrainaga nisbatan bosqin boshlanganidan beri birinchi marta amalga oshirgan.
Bosh Assambleya Rossiyaning Qrimdan Ukrainaga qarshi agressiya maqsadida foydalanish harakatlarini hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini noqonuniy egallab olishga urinishlarini qoraladi. Hujjatda, shuningdek, Ukrainaga harbiy bosqinni zudlik bilan to`xtatish va Rossiyaning barcha qurolli kuchlarini mamlakat hududidan “so`zsiz” olib chiqib ketish talabi ham qayd etilgan.
Qozog`iston Rossiyaning Ukraina hududiga harbiy bostirib kirishini rasman qoralamadi. Shu bilan birga, avvalroq mamlakat BMTda Ukrainadagi vaziyat bo`yicha ovoz berishda asosan betaraf qolgan edi.
13 oktyabr kuni Qozog`iston, O`zbekiston, Qirg`iziston va Tojikiston BMT Bosh Assambleyasida Ukrainaning to`rtta viloyatining Rossiyaga qo`shib olinishini qoralovchi rezolyusiya uchun ovoz berishda betaraf qolgan edi. Jami 143 davlat yoqlab ovoz bergan, beshtasi qarshi, 35 tasi betaraf qolgan.






