O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi.
Moliya vaziri Timur Ishmetov o`z ma`ruzasida quyidagi ma`lumotlarni e`lon qildi:
2023 yilda O`zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o`sish surati 5,3 foiz miqdorda bo`lishi nazarda tutilmoqda.
Xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 5,1 foiz, qurilish 6,0 foiz, qishloq xo`jaligi 3,5 foiz, xizmatlar sohasi 6,7 foizga ortishi kutilmoqda.
2023 yilda O`zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 1068,0 trillion so`mni, Davlat byudjeti daromadlari 232,1 trillion so`m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,7 foiz darajasida bo`lishi kutilmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari (davlat maqsadli jamg`armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga ) 257,7 trillion so`mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni yoki 2022 yil kutilayotgan ijroga nisbatan 18,9 trln. so`mga ortishi prognoz qilinmoqda.
Qayd etilganidek, byudjet hisobdorligini oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan vazirlik va idoralarning ular uchun ajratilgan byudjet mablag`laridan foydalanish yuzasidan davriy hisobotlarini eshitib borish tartibi joriy qilish nazarda tutilmoqda.






