AsosiyDunyo

Evropada nimalar bo`lyapti yoxud yana o`sha korrupsiya?

'Evropada nimalar bo`lyapti yoxud yana o`sha korrupsiya?'ning rasmi

Bugungi davrda hech bir davlat korrupsiyadan holi emas. Ammo unga qarshi kurashmaslik falokatga eltadi. BMT Taraqqiyot dasturida jahon iqtisodiyoti aynan korrupsiya holatlari tufayli yiliga 2,6 trillion AQSh dollari miqdorida mablag` yo`qotayotganini, jamiyat taraqqiyotining eng xavfli kushandasiga aylangan bu illatga qarshi faqat birgalikda kurash olib borishgina kutilgan samarani berishi ta`kidlangan.  

Demakki, korrupsiya balosi dunyodagi ko`plab mamlakatlarni qamrab olgan, hozir jahonda poraxo`rlik tugatilganligi bilan maqtana oladigan biror davlatning o`zi yo`q. Aytmoqchi bo`lganim, dunyo demokratiyasining qo`rg`oni hisoblangan Evropaning rivojlangan davlatlari ham bu qadimiy jinoyatdan holi emas. Ayniqsa, Evropa Parlamenti vise-prezidenti Eva Kaylining korrupsiyada ayblanib qamoqqa olinishi bu boradagi bahslarni qizitib yubordi. Evroparlamentdagi (EP) korrupsiya mojarosi munosabati bilan Belgiya hukumati to`rt nafar gumonlanuvchiga ayblov e`lon qildi va ularni hibsga olish uchun order berdi. «Ular jinoiy tashkilotda ishtirok etish, pul yuvish va korrupsiyada ayblanmoqda», —deyiladi prokuraturaning 11 dekabr, yakshanba kuni Bryusselda tarqatilgan bayonotida.  Ular orasida Gresiyadan saylangan, evrodeputat Eva Kayli ham bor. Belgiya matbuotiga ko`ra, Kaylidan tashqari uning parlament maslahatchisi Franchesko Jorji, sosialistik fraksiyadan Evroparlamentning italiyalik sobiq a`zosi Per-Antonio Panseri va yana bir nomi oshkor etilmagan Bryussel lobbichisi hibsga olindi. Tintuvlar davomida kompyuterlar, mobil telefonlar va 600 ming evro musodara qilingan. Panserining uyidan 500 ming evro naqd pul solingan jomadon topilgan. Federal sud polisiyasi tergovchilari Qatarni Evroparlamentning iqtisodiy va siyosiy qarorlariga bir necha oy davomida ta`sir etganlikda gumon qilishmoqda. Endi Qatar davlati «Evroparlamentda muhim siyosiy va strategik maqomga ega amaldorlarni ta`qib qilish, ularga katta miqdordagi pul va qimmatbaho narsalarni berish»da ayblanmoqda.

Qo`lga olinganidan keyin Eva Kayli Evroparlament vise-prezidenti sifatida barcha vakolatlar, majburiyatlar va topshiriqlarni bajarishdan ozod qilindi. Avvalroq Eva Kayli a`zo bo`lgan Gresiya sosialistik partiyasi - PASOK uning partiyadan chetlatilganini ma`lum qilgandi. Evroparlamentda Kayli Qatar mehnat bozoridagi vaziyatni kuzatuvchi vakillardan biri bo`lgan, u erda huquq faollari Osiyo va Afrikadan kelgan mehnat muhojirlari huquqlarining ko`plab buzilishi holatlarini qayd etishgan. 2022 yilgi jahon chempionati boshlanishidan biroz oldin Kayli Qatar mehnat vaziri bilan uchrashdi va 22 noyabr kuni EPda nutq so`zlab, Qatardagi mehnat bozori islohotiga ijobiy baho berdi va uni «arab dunyosini ilhomlantiradi» deb atadi.  

Evropa aksilkorrupsiya agentligi (OLAF) va Evroittifoq adliya direktorati birgalikda tayyorlagan qo`shma ma`ruzada aytilishicha, EI mamlakatlaridagi korrupsiya holatlari tashvishlanarli. Agar ilgari Evropa fondlaridan o`g`irlangan mablag`lar hajmi millionlab evroni tashkil etgan bo`lsa, endilikda u milliardlarni tashkil etmoqda. EI mamlakatlari korrupsiya balosidan 323 milliard evro yo`qotadilar. Tashkilotning o`zi korrupsion zararni 120 milliardga teng baholayotgan bo`lsada, bu summa Qatar kabi boy davlatning yillik byudjetiga teng. E`tiborlisi, pora berishning, korrupsiyaning turlari ham ko`payib ketdi. Hozirgi kunda jinoyatni yashirish uchun naqd to`lov vositasi bo`lmagan kriptovalyutalarda “haq berish” avj oldi. Ko`rib turganingizdek, dunyoda korrupsiyaviy holat og`ir bo`lib, u har qanday davlatdan bu jirkanch ofatga qarshi ayovsiz kurashni talab qiladi.  

Har yili xalqaro tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurash borasida dunyo davlatlarining vaziyatini tahlil qilib boradi. “Transparenci Internashional” xalqaro tashkiloti shular jumlasidan. 2021-yil uchun chiqargan Korrupsiya indeksidan ma`lum bo`lishicha, dunyo mamlakatlarining 86 foizi oxirgi 10 yilda korrupsiyaga qarshi kurashda biror ijobiy siljishga erishmagan. 154 davlatda vaziyat yomonlashgan yoki hech qanday ijobiy o`zgarish yuz bermagan.  

Korrupsiyaga qarshi kurashda vaziyat ijobiy tomonga o`zgargan mamlakatlar ham mavjud. Ular orasida Markaziy Osiyodan O`zbekiston bor. Hisobotga ko`ra, O`zbekiston  oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha o`z reytingini yaxshilab bormoqda. 2012-yildan beri mamlakatimizning indeksdagi ko`rsatkichi 11 ballga o`sgan.  

Biroq, shunday bo`lsada O`zbekistonda korrupsiya bilan bog`liq muammolar hali talaygina. Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati tufayli, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilayapti, fuqarolarda bu illatga toqatsizlik aniq va ravshan shakllangan. Aholimiz korrupsiya bor ekan, rivojlanib bo`lmasligini, aksincha jamiyat sifatida botqoqqa qarab ketishimizni anglab etib bo`lgan. Davlat idoralari mas`ullari tomonidan sodir etilayotgan korrupsion holatlar ochiqlanmoqda. Ta`sirchan jamoatchilik nazorati yo`lga qo`yilayapti.

Muxtasar aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlarining takomillashtirilayotgani, bu jarayonga jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini jalb qilish hamda korrupsiyaning oldini olish bo`yicha idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan sa`y-harakatlar albatta, o`z samarasini beradi.  

Ismoil Saifnazarov, falsafa fanlari doktori, TDIU professori

 

    Boshqa yangiliklar