Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yashnobod tumani hududida joylashgan Toshkent tibbiyot instituti (“eski ToshMI”) binosida elektr energiyasidan uzilish bo`lgani haqida xabarlar tarqaldi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali holat yuzasidan ma`lumot berishicha, 18 dekabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi quvvati 110/35/10/6 kV bo`lgan yuqori kuchlanishli “Vodil” podstansiyasidan ta`minlanuvchi er ostdan o`tgan kabel tarmog`i uzib yuborilishi natijasida avariya holatida ta`minotda o`chishlar kuzatilgan.
Toshkent tibbiyot instituti binosi hududida ichimlik suvi quvurida yuzaga kelgan avariya holatini bartaraf etish maqsadida “O`zsuvta`minot” AJ tomonidan er qazish ishlarini olib borish vaqtida ehtiyosizlik natijasida elektr tarmoqlari shikastlanishi oqibatida avariya holati yuzaga kelgan.
Shu vaqtning o`zidayoq ushbu holat bo`yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filialining Yashnobod tuman elektr ta`minoti korxonasi yuqori kuchlanishdagi avariya holatlarini barataraf etish maxsus tezkor ishchi-brigada xodimlari tomonidan nosozliklarni bartaraf etish bo`yicha tezkor ta`mirlash ishlari olib borilib, shu kunning o`zida bino elektr energiyasi bilan to`liq ta`minlangan.






