AsosiyJamiyat

Endi O`zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlar uchun ham iste`mol krediti ajratiladi

'Endi O`zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlar uchun ham iste`mol krediti ajratiladi'ning rasmi

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev xabar bermoqda. 

"Ma`lumki, amaldagi “Iste`mol krediti to`g`risida”gi qonunga asosan O`zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlar uchun  iste`mol krediti ajratilishi cheklangan. Bu mantiqsiz  cheklov bir tomondan mamlakat aholisiga tanlov imkoniyatini cheklash orqali noqulaylik tug`dirgan bo`lsa, ikkinchi tomondan “mahalliylashtirish” shiori ostida mahalliy monopollarni qo`llab quvvatlash orqali aholi uchun taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar narxining oshishiga va raqobatsiz muhit shakllanishiga xizmat qilib kelgan.  

Misol uchun, hozirda mahalliy monopolimiz tomondan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar bilan narx va sifatda raqobatlashayotgan xorijda ishlab chiqarilgan elektrmobillar xarid qilish uchun yoki xorijiy brendlarning sifatli maishiy texnika vositalarini sotib olish uchun banklardan iste`mol krediti olish imkoniyatingiz yo`q . Natijada, odamlar bunday tovarlarni faqatgina muddatli to`lov asosida, bank iste`mol kreditidan bir necha baravar yuqori foizlarda maishiy texnika do`konlaridan yoki ishonchsiz lizing kompaniyalardan sotib olishga majbur bo`lib kelishmoqda.  

Yuqoridagilarni inobatga olib, Davlat rahbarining 2022 yil 12 avgustdagi PQ-350 son qarorida aynan ushbu noqulaylikni bekor qilish va aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida “Iste`mol krediti to`g`risida”gi qonunga o`zgartirish kiritish belgilangan edi.  

Mazkur qaror ijrosini ta`minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi vanihoyat Qonunchilik palatasiga kiritildi. Umid qilamanki, ushbu qonun loyihasi qisqa muddatlarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qabul qilinib, prezidentimiz  tomonidan imzolanadi hamda xalqimizga qulaylik yaratuvchi yaxshi bir o`zgarish sifatida xizmat qiladi", - deyiladi deputat sharhida. 

 

    Boshqa yangiliklar