Prezident Shavkat Mirziyoevga temir yo`l sohasidagi yirik xalqaro loyihalarning amaldagi holati va kelgusi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Mamlakatimiz uchun transport yo`laklarini diversifikasiya qilish, jahon bozorlariga tez va erkin chiqish juda muhim. Shu bois davlatimiz rahbari xalqaro anjumanlarda bu masalani doim ko`tarib, amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Qo`shni va manfaatdor mamlakatlar bilan “til topishib”, loyihalar jadallashtirilmoqda.
Ulardan biri 454 kilometrlik “O`zbekiston – Qirg`iziston – Xitoy” temir yo`li qurilishidir. Ma`lumki, joriy yil 14 sentyabrda Samarqandda bu loyiha bo`yicha uch tomonlama Anglashuv memorandumi imzolangan edi. Noyabr oyida Xitoyning “Birinchi loyiha-tadqiqot instituti” tomonidan dala tadqiqot ishlari olib borildi.
Hisobot davomida rejadagi ishlar to`g`risida ham aytib o`tildi. Xususan, Bishkek shahrida loyiha ofisi tashkil etiladi. Loyihani boshqarish uslubi va tartibi muhokama qilinadi. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar o`tkaziladi. Umuman, 1 iyungacha loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash rejalashtirilgan.
Sohadagi yana bir mintaqaviy loyiha “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo`lidir. Afg`onistondagi murakkab vaziyatga qaramay, bu borada ham sezilarli siljishlar bor.
Xususan, joriy yil yozda Afg`onistonning Mozori-Sharif shahridan Pokistonning Torxam shahrigacha tadqiqot ekspedisiyasi o`tkazildi.
Qayd etilganidek, loyiha doirasida 765 kilometr temir yo`l qurilishi mo`ljallanmoqda. Kelgusi yili bu bo`yicha loyiha ofisi tashkil etish, xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish, investorlar bilan muzokaralar o`tkazish rejalashtirilgan. Shulardan kelib chiqib, loyihaning texnik-iqtisodiy asosi tayyorlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoev bu rejalarni ma`qullab, hamkor mamlakatlar bilan “yo`l xaritalari” ishlab chiqish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Bu ikki temir yo`lning qurilishi O`zbekistonning transport kommunikasiyalarini diversifikasiya qilib, logistika imkoniyatlarini karrasiga kengaytiradi.






