AsosiyJamiyat

Nukus voqealarida jami 171 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan

'Nukus voqealarida jami 171 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan'ning rasmi

Avvalroq, Qoraqalpog`iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o`rganish bo`yicha komissiya a`zolari Bosh prokuraturadan ommaviy tartibsizliklarni sodir bo`lishida aybdor sifatida hibsga olingan 516 nafar fuqaro, hozirda ishi sudda ko`rib chiqilayotgan 22 nafar ayblanuvchi, yopiq muassasalarda vaqtincha ushlab turilgan boshqa shaxslar, ma`muriy javobgarlikka tortilganlar, shuningdek, tartibsizliklar vaqtida huquqni himoya qiluvchi idoralar tomonidan ortiqcha kuch-vosita ishlatilgan yoki ishlatilmaganligi hamda inson huquqlarining buzilishi bilan bog`liq holatlar yuzasidan axborot berishini so`ragani haqida xabar bergan edik. 

Bosh prokuratura tomonidan sud-tergov jarayonlari ishtirokchilariga oid yakuniy  ma`lumotlar va tartibsizliklar vaqtida huquqni himoya qiluvchi idoralar tomonidan ortiqcha kuch-vosita ishlatilgan yoki ishlatilmaganligi  hamda inson huquqlarining buzilishi bilan bog`liq holatlar ochiqlandi.

Unga ko`ra, Qoraqalpog`istonda 1—2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklar sodir etilgani holati yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha jami 171 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Ommaviy tartibsizliklar yuzasidan dastlab 516 nafar shaxs ushlangan bo`lib, shundan 5 nafariga nisbatan uy qamog`i hamda 166 nafariga nisbatan Jinoyat kodeksida ko`zda tutilgan jinoyatlari uchun qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot choralari qo`llangan, qolgan huquqbuzarlarga nisbatan esa sud tomonidan ma`muriy javobgarlik doirasida qamoq jazosi tayinlangan.

Qoraqalpog`istonda 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o`rganish bo`yicha mustaqil komissiyaning, keng jamoatchilikning so`rovi va kafilligi hamda deputatlik korpusining jamoatchilik nazoratiga olishga ruxsat berish yuzasidan kiritgan iltimosnomalari inobatga olinib, qamoqqa olingan 107 nafar ayblanuvchiga nisbatan qo`llangan ehtiyot choralari o`zgartirilib, ularning 10 nafariga uy qamog`i va 97 nafariga jamoa kafilligi ehtiyot choralari qo`llangan va qamoqdan ozod qilingan.

Shuningdek, keyingi tergov davomida uy qamog`ida saqlanayotgan 14 nafar ayblanuvchiga nisbatan ham ehtiyot chorasi jamoa kafilligiga o`zgartirilgan. Ayni vaqtda jinoyat ishining 22 nafar shaxsga oid bo`lgan qismi (20 nafariga qamoq, 1 nafariga jamoa kafilligi va 1 nafar uy qamog`i qo`llangan) ayblov xulosasi bilan tamomlanib, sudga yuborilgan, qolgan ayblanuvchilar va boshqa holatlar yuzasidan jinoyat ishi alohida ish yurituvga ajratilgan.

Hozirda alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakunlanmoqda, ish bo`yicha 39 nafar ayblanuvchi qamoqda saqlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar