Prezident Shavkat Mirziyoev 12 dekabr kuni ftiziatriya va pulmonologiya sohasini rivojlantirish, OITS kasalligining oldini olish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, davlat rahbarining 2019 yil 13 fevraldagi qarori bilan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko`rsatish tizimini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar qabul qilingan edi. Bu sezilarli natija berib, kasallanganlar umumiy soni 2 mingtaga kamaydi. Yangi kasallanish holati 10 foizga, o`lim holati 17 foizga qisqardi.
Lekin so`nggi yillarda koronavirus epidemiyasi sababli yurtimizda o`pka kasalliklari bo`yicha dispanser nazoratidagi bemorlar soni 18 foizga oshgan.
Hududlarda tuberkulyoz bo`yicha 5 xil yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga talab bo`lsa-da, bu xizmatlar faqat Toshkent va Nukus shaharlarida to`liq yo`lga qo`yilgan.
Odam immuniteti tanqisligi virusi bilan kasallanish holatlari ham, afsuski, ko`paymoqda. Bu, ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon va Samarqand viloyatlarida dolzarb.
Shu bois yig`ilishda mazkur ikki sohadagi navbatdagi chora-tadbirlar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.
Prezidentimiz kelgusi yildan boshlab “O`pka salomatligi” mobil brigadalarini tashkil etib, chekka hududlarda bolalarni skrining tekshiruvlaridan o`tkazish bo`yicha topshiriq berdi.
Tuberkulyoz infeksiyasining molekulyar-genetik diagnostikasini, yashirin infeksiyasi bor bemorlarni aniqlash va profilaktik davolash qamrovini oshirish zarurligi ta`kidlandi.
Viloyat hokimlariga hududlardagi Ftiziatriya sihatgohlarini ta`mirlash va jihozlash, bakteriologiya laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi.
Sog`liqni saqlash vazirligiga tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlarni dori vositalari bilan bepul ta`minlash vazifasi qo`yildi. Bunga davlat byudjetidan 40 milliard so`m ajratiladi.
OIV infeksiyasi bo`yicha ham tekshiruvni kengaytirib, 3 million aholini qamrab olish choralari belgilandi. Bunday bemorlar ham 22 turdagi virusga qarshi dorilar bilan bepul ta`minladi.
Hududiy OITS markazi va tumanlararo laboratoriyalarni ta`mirlash, ularni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlashga mas`ullar biriktirildi.
Tibbiyotning birlamchi bo`g`ini xodimlarini OIV infeksiyasi bo`yicha malakasini oshirish, aholi o`rtasida kasallik va uning oqibatlari to`g`risida tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Umuman, bularning barchasini inobatga olib, ftiziatriya, pulmonologiya va OITS yo`nalishlarida dasturiy qarorlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.






