Evropa parlamenti vise-prezidenti Eva Kayli qo`lga olindi.
Knack yozishicha, Kayli Fors ko`rfazi mamlakatlaridan biri tomonidan «Evropa parlamentining iqtisodiy va siyosiy qarorlariga ta`sir o`tkazish» maqsadida berilgan pora haqidagi ish bo`yicha so`roq qilinish uchun ushlangan, bu haqda Belgiya federal prokuraturasida ma`lum qilishgan. Knack va France24 ma`lumotlariga ko`ra, gap ayni paytda futbol bo`yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilayotgan Qatar haqida bormoqda.
Kaylining Bryusseldagi uyida tintuvlar olib borilgan. 9 dekabr kuni France24 ushbu ish doirasida yana to`rt kishi qo`lga olingani haqida ma`lum qilgandi. Belgiya prokuraturasi aytishicha, ularning barchasi Italiya fuqarolari yoki asli kelib chiqishi italiyaliklar bo`lgan. Idora ma`lumotlariga ko`ra, qo`lga olinganlar pul yoki "qimmatbaho sovg`alar" ko`rinishida poralar olgan.
Qo`lga olinganlar orasida italiyalik sosialist va Evroparlament sobiq a`zosi (2004 yildan 2019 yilgacha) borligi aytilmoqda. Gap Antonio Panseri haqida borayotgan bo`lishi mumkin, uning uyidan 500 ming evro naqd pul musodara qilingan, tintuvlar natijasida turli shaxslardan jami 600 ming evro olib qo`yilgan.
Kayli Gresiyadan deputat bo`lib, u qonunchilik organining 14 nafar vise-prezidentidan biri va Yaqin Sharq bilan aloqalar uchun mas`uldir.
2010 yilda Qatar futbol bo`yicha jahon chempionatini o`tkazish huquqini qo`lga kiritgach, bu poralar evaziga amalga oshgani haqida xabarlar paydo bo`lgandi. O`sha yiliyoq The Sunday Times o`z manbasiga tayanib, Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) ijroiya qo`mitasining ikki a`zosi Qatar arizasini qo`llab-quvvatlab ovoz berish evaziga pora olgani haqida ma`lum qilgandi. Keyinroq informator, "Qatar-2022" tashkiliy qo`mitasi sobiq xodimasi Fedra al-Majid o`z ayblovlaridan voz kechdi, ammo keyinroq buni o`z hayotidan xavfsiragani uchun qilganini tan oldi.
2017 yilda The Daily Telegraph Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi mukofot evaziga Qatarning JCh uchun arizasini ilgari surgani haqida mamlakat prokuraturasi gumon qilganini yozgandi. Besh yildan keyin FIFA rahbari Yozef Blatter intervyuda Sarkozi o`sha vaqtdagi UEFA (Evropa futbol assosiasiyalari ittifoqi) rahbari Mishel Platinidan Qatar arizasini qo`llab-quvvatlashni so`raganini aytdi.






