Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu yil yillik shaxsiy sammitini o`tkazmaydi. Bu haqda Hindiston hukumatidagi manbaga tayanib, xabar qilindi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa TASS agentligiga janob Putin janob Modi bilan 2022 yil oxirigacha uchrashishni rejalashtirmaganini aytgan.
Avvalroq Bloomberg agentligi sammitni bekor qilish to`g`risidagi qaror ziddiyat vaqtida “Putinning yadroviy quroldan foydalanish to`g`risida yashirin tahdidlari”dan so`ng qabul qilingani haqida xabar bergan edi. Anonimlik sharti bilan gapirgan Hindiston hukumatidagi manbaning aytishicha, sammitni o`tkazmaslik qarori yadroviy jihat tufayli emas, ancha avvalroq qabul qilingan.
Ismini oshkor etilmagan rossiyalik mulozimning aytishicha, Hindiston sammitga mezbonlik qilmaslik qarori Shanxay hamkorlik tashkilotining O`zbekistonda bo`lib o`tgan sammitida yaqqol namoyon bo`lgan va u erda Hindiston bosh vaziri Rossiya prezidentiga hozir “urush davri emas” degan.
Modi va Putin sentyabr oyida O`zbekistonda bo`lib o`tgan mintaqaviy xavfsizlik bloki sammiti doirasida uchrashgan va bu yil ham bir necha bor telefon orqali gaplashgan. 2000 yildagi strategik sheriklik deklarasiyasiga muvofiq, Rossiya va Hindiston etakchilari har yili uchrashadilar, 2020 yilda sammit pandemiya sababli o`tkazilmagan.






