O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) xorijiy ishlab chiqaruvchilarning foydalanish uchun alohida huquqlarni talab qiluvchi mahsulotlarini teleradioefirlarga joylashtirish maqsadida lisenzion huquqlarni xarid qilish bo`yicha import shartnomalarini tanlov (tender) savdolarini o`tkazmasdan tuzish huquqiga ega bo`ldi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Vazirlar mahkamasining 23 avgustdagi qaroriga muvofiq, MTRK ijodiy kengashining qarori bilan shartnomalar imzolanadi.
Ijodiy kengash shakllantirgan xorijiy ishlab chiqaruvchilarning teleradio mahsulotlari ro`yxati MTRK raisi tomonidan imzolanadi. U mahsulotlarning milliy an`ana va umumqabul qilingan madaniy qadriyatlarga muvofiq kelishiga bevosita mas`ul hisoblanadi.
Lisenzion huquqlarni sotib olish uchun import shartnomalari Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi ekspertizasidan o`tkazilmaydi.
Lisenzion huquqlarni xarid qilish bilan bog`liq xarajatlar MTRKning mazkur maqsadlar uchun ko`zda tutilgan byudjet va byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.
Markaziy bankka tegishli banklar bilan birgalikda lisenzion huquqlarni xarid qilish bo`yicha import shartnomalarga to`lovlarni amalga oshirish uchun mablag`larni xorijiy valyutalarga konvertasiya qilishni ta`minlash tavsiya etildi.





