Prezident Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to`g`risida farmon imzoladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, ular huquqiy davlatni shakllantirish va milliy qonunchilikni takomillashtirishga, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini, huquq va erkinliklarini himoya qilishga, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashga, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish va yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga qo`shgan katta hissasi, shuningdek, mamlakat Qurolli Kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni ta`minlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chog`ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko`rsatgani uchun uchun mukofotlanadi.
Farmonga muvofiq, ular tegishli tarzda «O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan yurist» unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni, II darajali «Shon-sharaf» ordeni, «Do`stlik» ordeni, «Mardlik» ordeni, «Jasorat» medali, «Sodiq xizmatlari uchun» medali, «Shuhrat» medali bilan taqdirlanadi.





