O`zbekiston harbiylari “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida o`tgan yilgi natijasini takrorlagan holda ikkinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yil 4–12 oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o`tkazilgan razvedka va maxsus bo`linmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 24 ta davlatidan 144 ta jamoalar ishtirok etdi. Jumladan, unda mezbon Buyuk Britaniya, O`zbekiston, Kosovo, Gresiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSh, Shveysariya, Litva, Niderlandiya, Uels, Nepal, Shotlandiya, Avstraliya, Pokiston, Meksika, Albaniya, Chili, Qozog`iston, Yangi Zelandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo`linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar o`zaro bahs olib bordilar.
Musobaqa konkurslaridagi yo`nalish 90 km. masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo`lib, har 8-10 km.da bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi.
Shuningdek, ommaviy qirg`in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda 3 km masofadagi zararlangan hududdan o`tish, joyni razvedka qilish va tog` daryosini kesib o`tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko`rsatish, jarohatlanganlarni turli yo`llar bilan evakuasiya qilish, mina to`sig`idan yakka va guruh tarkibida o`tish, dushman obektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so`roq qilish kabi shartlarda harbiy xizmatchilar o`z mahoratlarini sinovdan o`tkazishdi.
Bundan tashqari, jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” topshiriqlari ham berildi. Unga ko`ra, xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyasiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo`naltirish, harbiy topografiya me`yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo`yicha test topshirish, razvedka bo`yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo`yicha me`yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo`yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo`yicha bildiruv berish jarayonlari ham qizg`in kechdi.
Shunday qilib musobaqa natijalariga ko`ra, I o`rinni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, II o`rinni katta davlatlar jamoalarini ortda qoldirgan O`zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi egallagan bo`lsa, III o`rin Pokiston jamoasiga nasib qildi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur nufuzli musobaqaning 2019 yilgi bahslarida 1-o`rinni, 2020–2021 yillarda esa 2-o`rinni band qilgan.






