Mahallalarni obod qilish va ularga infratuzilma olib borish dasturlarini ishlab chiqishda aholi ko`targan 12 mingta masalani ham hal qilishni o`z ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Eng avvalo, 4 979 ta mahalladagi ichki yo`llar, ichimlik suvi va oqova tizimi, elektr energiyasi va gaz ta`minoti, bog`cha, maktab va sport ob`ektlari, obodonlashtirish, sug`orish, ko`chalarni yoritish va boshqa masalalarni hal qilishga bir oy muddatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg`armalariga 1,7 trillion so`m yo`naltirish topshirildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion so`m ajratilishi ta`kidlandi.
Joriy yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan).
Bu borada, Farg`ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol bo`ldi.
Ovoz berish yakunlariga ko`ra, 1 418 ta loyiha g`olib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion so`m mablag` o`tkazib berildi.
Prezident “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta`kidladi. Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to`plagan, lekin g`olib bo`lmagan 364 ta loyiha uchun qo`shimcha 335 milliard so`m ajratishga ko`rsatma berildi.
200 dan ortiq aholi qo`llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo`shimcha 200 milliard so`m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.
11.10.2022 13:51
Aholi ko`targan 12 mingta masalani hal qilishni o`z ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi






