Yangi «Angren-Pop» temir yo`l tarmog`i bo`ylab har kuni turli yuklar ortilgan 10 dan ziyod tarkib harakatlanmoqda.
11 iyuldan boshlab yangi «Angren-Pop» temir yo`l tarmog`i bo`ylab yuk poezdlari harakati amalga oshirilmoqda. Bu haqda «O`zbekiston temir yo`llari» axborot xizmati xabar qildi.
Mazkur yo`nalish bo`ylab kuniga 10 dan ziyod turli yuklar ortilgan tarkiblar harakatlanmoqda. Yaqin vaqtlar ichida ular soni 20 ga qadar oshiriladi.
«Bugungi kunda mamlakatning boshqa hududlaridan Farg`ona vodiysiga va teskari yo`nalishga yuklarni etkazib berish uchun barcha zarur qulayliklar yaratilgan», — qayd etdi matbuot xizmati.
Yangi yo`l bo`ylab asosan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatiga neft va neft mahsulotlari, kimyoviy va mineral o`g`itlar, Navoiy viloyatidan esa Farg`onadagi «Quvasoykvars» korxonasiga kvars qumi etkazilmoqda.
Bundan tashqari, refrijerator vagonlar O`zbekiston bozori uchun meva-sabzavot mahsulotlarini tashimoqda. Eksport jo`natmalariga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.





