Dam olish kunlari O`zbekiston hududining katta qismida biroz shamol bilan quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda "Uzgidromed" xabar qilmoqda.
Ushbu kunlarda harorat asosan kechalari 13-18°, kunduz kunlari 30-35° atrofida bo`ladi. Bu sentyabr oyining ushbu kunlari uchun o`rtacha yillik harorat qiymatlaridan biroz yuqoridir.
Faqat respublikaning shimoliy hududlariga 25 sentyabr yakshanba kuni Volga bo`yi hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog`istonda va kechga tomon Xorazm viloyatida ba`zi joylarda yomg`ir yog`adi, momaqaldiroq bo`lishi va shamol 15-20 m/s gacha, ba`zida 21-23 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to`zonlar kuzatilishi mumkin. Qoraqalpog`istonning shimolida harorat pasayishi boshlanadi.
Keyingi haftaning boshida nam va salqin havo massasi kirib kelishi O`zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika bo`yicha ba`zi joylarda shamol chang-to`zonlar bilan 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Janubning eng chekkasida va Farg`ona vodiysida shamolning kuchayishi 21-23 m/s ga etishi mumkin. Dushanba kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida, seshanba kuni tog` oldi va tog`li hududlarda yomg`ir yog`adi. 2500 m dan yuqori bo`lgan baland tog`larda yomg`ir qorga aylanadi. Dushanba kuni shimoliy viloyatlar bo`yicha, seshanba kuni esa respublikaning barcha hududlari bo`yicha salqinlashadi. Havo harorati kechalari 10-13° gacha, kunduz kunlari 22-25° gacha pasayadi.






