Deputat Rasul Kusherbaevning ma`lum qilishicha, so`nggi vaqtlarda ichki ishlar organlari tomonidan majburiy olib ketilgan fuqarolar haqida ma`lumot berilmayotgani uchun ularning yaqinlari va oila a`zolari norozi bo`layotganligiga doir murojaatlar ko`payib bormoqda.
Deputat bunga blogerlar bilan bog`liq bir qancha misollarni keltiradi. Xususan, so`nggi kunlarda bloger Sh.Komilovning yo`qolib qolgani bilan bog`liq xabarlar, avtobloger B.G`anievning qamalgunga qadar yaqinlari uning qaerdaligi, ahvoli haqida bila olishmaganini aytadi.
"Ikki holatda ham blogerlar. Balki bu tasoddifdir. Biroq ommaga ma`lum bo`lgan shu ikki holatdan ko`rinib turibdiki, fuqarolarning yaqinlarga xabar berish, himoyachi bilan uchrashish kabi huquqlari vakolatli xodimlar tomonidan buzilmoqda", deydi xalq vakili.
️Shu bois, R.Kusherbaev fuqarolar va ichki ishlar organlarining barcha xodimlariga quyidagilarni eslatmoqda:
- ️ "Ma`muriy qamoqni o`tash tartibi to`g`risida"gi qonunning 23-moddasiga ko`ra, maxsus qabulxona ma`muriyati va xodimlari ma`muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi to`g`risida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qo`ng`iroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi shart.
- ️ Jinoyat prosessual kodeksining 226-moddasiga ko`ra, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga bo`lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) e`tiboran ko`pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va etarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo`shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.
- Ushlab turilgan shaxs turgan joyi to`g`risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo`ng`iroq qilish yoxud xabar berish huquqiga ega.
- Vakolatli xodimlar fuqaroga ushbu huquqdan foydalanish imkoniyatlarini yaratib berishlari shart.
"Yuqoridagilardan kelib chiqib Ichki ishlar vazirimizdan xodimlarining ushbu qonun talablariga so`zsiz rioya etishlarini alohida nazoratga olib, fuqarolarning huquqlari buzilishiga yo`l qo`ymasliklarini so`rab qolamiz.
️Fuqarolar, siz esa qonuniy huquqlaringizni talab qilishdan qaytmang", deydi deputat.






