O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 sentyabr kuni Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Mo`g`uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy tabrikladilar.
O`zbekiston-Mo`g`uliston munosabatlarini faollashtirish masalalari ko`rib chiqildi.
Ikki mamlakat Prezidentlari joriy yil iyun oyida Toshkent shahrida o`tkazilgan birinchi qo`shma biznes-forum yakunlarini yuqori baholadilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta`kidlandi. Buning uchun zaror shartnomaviy-huquqiy asoslarni shakllantirish, qo`shma kooperasiya, eng avvalo, agrosanoat sohasida aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar va hududlararo aloqalarni kengaytirishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.
Mo`g`uliston Prezidenti O`zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi samarali raisligini qayd etib, sammit muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat zrtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarga tizimli tus berish, o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo`yicha «yo`l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.






