AsosiyJamiyat

Toshkent xalqaro aeroportida kichik yong`in chiqdi — Uzbekistan Airports

'Toshkent xalqaro aeroportida kichik yong`in chiqdi — Uzbekistan Airports'ning rasmi

Toshkent xalqaro aeroportida kichik yong`in chiqdi. Bu haqda   Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, 11 sentyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminalida tutun paydo bo`ldi. Yo`lovchilar va xodimlar zudlik bilan evakuasiya qilindi. Hodisa joyiga Toshkent aeroportining tegishli xizmatlari — Aeroport Yong`in-qutqaruv xizmati, Parvozlarni elektr-yoritish bilan ta`minlash xizmati va Aviasiya xavfsizligi xizmati navbatchilik brigadalari zudlik bilan etib keldi.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, yong`inga birinchi qavat tagidagi transformator podstansiyasida joylashgan uzluksiz elektr ta`minotining (UPS) qisqa tutashuvi sabab bo`lgan. Qisqa tutashuv oqibatlarini bartaraf etish hamda voqea joyida ishlayotgan xizmatlar xodimlarining xavfsizligini ta`minlash maqsadida aeroport terminalini ma`lum muddatga elektr energiyasidan uzib qo`yishga qaror qilingan.

«Erto`ladan ertalab soat 10:30 atrofida tutun chiqa boshladi. Aeroport xodimlarining tezkorligi va shahardan kelgan o`t o`chirish brigadalari ko`magida yong`in tezda bartaraf etildi. Soat 10:40 da aeroportni vaqtincha elektr ta`minotidan uzishga to`g`ri keldi. Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi. Bir qator reyslar kechiktirildi. Hozirda aeroportning tegishli xizmatlari hodisa joyida ishlamoqda va qisqa tutashuv sabablarini bartaraf etmoqda», —  deya izoh bergan Uzbekistan Airports Handling MChJ direktori Umid Hamroev.

Qayd etilishicha, ayni damda Olmaotaga (KS-128), Nur-Sultonga (HY-721) va Moskvaga (SU-1975) uchayotgan reyslar kechiktirildi.

«Aeroport xizmatlari havo bandargohini imkon qadar tezroq ochish uchun bor kuchini sarflamoqda. Hozirgi vaqtga kelib, terminalning katta qismida elektr energiyasi tiklangan», — deb qayd etilgan xabarda va  Toshkent aeroportining uchib kelish zali va mahalliy aviaqatnovlar terminali odatdagi rejimda faoliyat olib borayotgani qo`shimcha qilingan.

    Boshqa yangiliklar