Taylandning sayyohlar dam oluvchi kurort shaharlarida bugun bir qator portlashlar yuz berdi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
Pxuket orolidagi polisiya mahkamasida, Surat Txani (hududida Samui oroli bo`lgan viloyat markazidan biri) va Xuaxin shaharlarida portlovchi qurilma ishga tushgan.
Ma`lumotlarga ko`ra, Surat Txanida bir kishi halok bo`lgan, besh kishi yaralangan, Xuaxinda to`rt kishi, Pxuketda bir kishi tan jarohati olgan. Jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan.
Pxuket shahridagi plyajlardan biriga qo`yilgan portlovchi qurilma zararsizlantirilgan.
11 avgust kuni Xuaxin kurort shahrida ikki marta portlash yuz bergan. Birinchi portlash kechasi 23:10 da barlardan birida sodir bo`lgan bo`lsa, oradan bir soat o`tgach, spirtli ichimliklar sotiladigan do`kon yonida ham portlash ro`y bergan. Polisiyaning ma`lumot berishicha, bomba o`simliklar ekilgan tuvaklarga joylashtirilgan va mobil aloqa vositasi orqali portlash amalga oshirilgan.
Portlash oqibatida umumiy hisobda 1 kishi halok bo`lgan, 20 kishi, shu jumladan, chet ellik — Buyuk Britaniyadan 2 nafar ayol, Germaniyadan 1 ayol, Niderlandiyadan 2 erkak sayyohlar tan jarohati olgan. Qolgan jabrlanganlarning ham shaxsi aniqlanmoqda.





