Bu haqda Xalq ta`limi vazirining birinchi o`rinbosari Usmon Sharifxodjaev g`abar qildi.
Ma`lum qilinishicha, o`quvchi soni o`zgarishi (ko`payishi va kamayishi) maktabda mavjud bo`lgan darslik fondini ham qayta taqsimlash zaruriyatini yuzaga keltiradi.
“Darsliklar har yili chop etilmaydi va chop etilgan yilda, maktab buyurtmasiga qarab, foydalaniladigan ijara davri uchun maktabda ta`lim oladigan o`quvchilar soniga hamda ta`lim tiliga qarab taqsimlanadi. Maktab kontingenti o`zgarishi o`z-o`zidan avvaldan o`quvchi soni o`zgarishi dinamikasini aniqlash imkoniyati yo`qligi sababli, yuzaga kelgan etishmovchilikni bartaraf etish maqsadida boshqa hududda saqlanayotgan darsliklarni qayta taqsimot qilishga va ehtiyoj yuzaga kelgan maktabga etkazishga olib keladi.
Misol uchun o`tgan 2021 yilning sentyabrida mamlakatimiz bo`yicha minglab o`quvchilarning maktabini o`zgartirishi sababli shuncha songa mos ravishdagi darsliklarni qayta taqsimlash zaruriyati yuzaga kelgan.
Albatta, yuzaga keladigan vaziyatda xalq ta`limi vazirligidan boshlab, bevosita hududlarda va maktablarda darslikni taqsimotiga mas`ullarning boshqa hudud (maktab)lardan kerak bo`ladigan darslik komplektlarini etkazib berishda tezkorlik bilan harakat qilishlari o`ta muhim.
Shu bilan birga hurmali ota-onalarning ham bevosita Vazirlikning botiga murojaat qilib, muammoli holat bo`yicha ma`lumot berishlari orqali o`z farzandlari uchun kerak bo`ladigan komplektlarni etkazib berilishida yordam berishlari mumkin.
Buning uchun, maxsus telegramm-botga - @bookedu_bot murojaat yuborishingizni so`raymiz”, - deydi vazir o`rinbosari.
Qayd etilishicha, murojaatda aniq qilib, maktabni, yuzaga kelgan masalani bayon etish so`raladi.
Shu o`rinda, ayrim manbalarda 3-, 6-, 7-, 10-sinf yangi darsliklarni o`quv yili boshidan berilishi yoki berilmasligi bo`yicha turli talqinlar va fikrlar yuzaga kelganligidan kelib chiqib, bu masalaga ham oydinlik kiritildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-134-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarda Xalq ta`limini rivojlantirish bo`yicha Milliy dastur”ga asosan darsliklarni xalqaro ekspertlar ishtirokida yaratish va bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi belgilangan.
Farmonga asosan, 2022 yil yakuniga qadar darsliklarni yangilash vazifasi 4 ta sinfni qamrab olishi belgilangan. Bundan tashqari, 2022 yilda ingliz, nemis va rus tillaridan Kembridj, Klett nashriyotlari va Gersen nomidagi Rossiya Davlat Pedagogika universitetining yurtimiz ta`lim tizimi talablariga mos ravishda mahalliylashtirilgan darsliklarini joriy qilish belgilangan.
Hozirga qadar, qator yangi darsliklar maktablarga chop etilib, o`quvchilar uchun foydalanishga tayyor qilib qo`yilgan.
Barcha sinf o`quvchilariga maktab kutubxonasida mavjud tegishli sinf darsliklaridan komplektlarni shakllantirish bo`yicha ko`rsatmalar berilgan. Bu borada 6-, 7- va 10-sinf darsliklarini yangilash jarayoni muddati dastlab belgilanganidek yil yakuniga qadar emas, balki oktyabr oyi yakuniga qadar ta`minlanadi.






