Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi dehqon Abduvahob Mirzajonov yangilikka qo`l urdi va buning uddasidan chiqdi.
Mirishkor dehqon bir tup olmada bir yoki ikki turdagi emas, naq 25 xilga yaqin navli hosil etishtirmoqda, deb yozadi “Uz24”.
Olmalarning tusi, shakli-shamoyili bir-biriga o`xshamaydi.
"Doimo harakatda, izlanishdaman. Payvandlash usuli yangi va hosildor navlarni yaratishda qo`l kelyapti", deydi Abduvahob Mirzajonov.
Shuningdek, dehqonning yana bir tajriba daraxtida olxo`rining 3 xil, o`rikning 2 xil navi etishtirilmoqda, xandon pista ko`chatlari mahalliy sharoitda ko`paytirilyapti, subtropik meva turi - kivi ham o`stirilmoqda.





