Bugun erta tongda Toshkentda Aleksandr Sergeevich Pushkin haykali o`rnatilgan xiyobonda shoir tavalludining 217 yilligia bag`ishlangan madaniy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. Tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, Rossiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamda Respublika baynalmilal madaniyat markazi vakillari, o`quvchi va talabalar ishtirok etdi.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali tadbirni kirish so`zi bilan ochar ekan, Pushkin ijodi har ikki xalq o`rtasidagi madaniy aloqalarning o`ziga xos timsoli ekanini ta`kidlab o`tdi. Unda so`zga chiqqan Rossiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi direktori o`rinbosari Sergey Mironov, Rossiya Fan va madaniyat markazining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika va boshqalar Pushkininng hayoti va ijodi, uning ikki xalq madaniy aloqalari rivojida tutgan o`rni haqida to`xtalib o`tishdi.
Ta`kidlanganidek, har yili 6 iyun kuni butun dunyoda rus adabiyotining quyoshi deya ta`riflanadigan shoir, nosir va dramaturg Aleksandr Sergeevich Pushkin tavallud sanasi rus tili kuni sifatida bayram qilinadi. Ushbu kun yurtimizda ham keng miqyosda nishonaladi.
Darqaqiqat, Pushkinni, O`zbekiston va o`zbeklar bilan bog`lab turadigan rishtalar ko`p. Uning deyarli barcha asarlari Cho`lpon, Haimd Olimjon, Oybek, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda Erkin Vohidov singari ko`plab o`zbek shoir va yozuvchlari, tarjimonlari tomonidan tarjima qilingan.
O`z davrida Pushkin ham o`sha paytlardagi o`zbeklar va o`zbek xonliklaridagi vaziyat bilan yaxshi tanish bo`lgani uning ko`plab asarlarida yaqqol aksini topgan. Pushkin o`z she`rlarida, “Kapitan qizi”, “Pugachev tarixi”, “Pyotr tarixi” nomli asarlarida Xiva, Buxoro xonligidagi vaziyat, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar haqida qimmatli ma`lumotlar beradi.
Tadbirda Pushkin ijodini o`rganishga bag`ishlab talaba va o`quvchilar o`rtasida o`tkazilgan tanlov g`oliblari e`lon qilindi va ularga diplomlar, esdalik sovg`alari topshirildi. Yoshlar ijrosida rus va o`zbek tillarida Pushkin qalamiga mansub she`rlar jarangladi.
Pushkin tavalludiga bag`ishlangan tantanalar bugun kech soat 18:00 da mazkur xiyobonda, ertaga Respublika baynalmilal madaniyat markazida davom etadi.





