«O`ynamoq» so`zini qabul qilolmayman, sahnada yashash kerak», degandi teatr va kino aktrisasi Faina Ranevskaya. Sahifamiz qahramoni nafaqat sahna, balki kamera qarshisida ham yashaydigan, o`z ishining ustasi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Karim MIRXODIEV. Aktyor ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...
“MAJBURIY ISh QILIShNI YoQTIRMAYMAN”
— Otam dastlab savdo sohasida ishlagan. O`qishni tugatgach, Buxoro kooperativ texnikumiga pedagog sifatida ishga yuborilgan. Onam o`sha texnikumda o`qigan va taqdirlari qo`shilib, oila qurishadi. Otam namunali xodim bo`lgani bois Toshkentga ishga taklif qilishadi. Shu tariqa Toshkentga ko`chib kelganmiz. Onam San`atxon ham o`qishni tamomlab, savdo sohasida faoliyat yuritgan. Oilamizda san`atkorlar yo`q, lekin eshitishimcha onam tomondan buvam qo`shiq kuylagan ekan. Oilada to`rt farzand: ikki qiz, ikki o`g`ilning ikkinchisiman. Bolalikda juda sho`x edim, mustaqil bo`lishga intilish yuqori edi. Sho`xliklarimdan biri foydamga xizmat qilgan, ya`ni “Suvga tushma!” deb tayinlashlariga qaramay, o`zimni suvga otib, suzishni o`rganib olganman. Majburiy ish qilishni yoqtirmayman, bu fe`lim hozirgacha saqlangan.
“ETIKDO`Z BO`LGAN BO`LARMIDIM”
— 78-sonli rus maktabida o`qiganman. Ochig`i, gumanitar fanlarni juda yaxshi ko`rardim, aniq fanlarga esa hushim yo`q edi. Shu bois a`lo baholarga o`qiganman, deb yolg`on gapirishni istamayman. Kitobga qiziqishim madaniyat uyiga etaklab borgan. U erdagi muhit esa butunlay sehrlab qo`ygan. Dastlab kichik-kichak asarlarni sahnalashtirardik. 12 yoshda katta sahnaga chiqqanman. Aniq fanlardan dars bergan ustozlarimdan minnatdorman. Chunki to`garakka borib, ishtirokimdagi spektakllarni ko`rgach, “Bu o`z yo`lini topibdi”, deya yon bosib uch baho qo`yib berishardi. Maktabda o`tadigan bayramlarda ham sahna ko`rinishlari bilan ishtirok etardim. Sinfdoshlar bilan munosabatim yaxshi edi, birgalikda derazadan sakrab darsdan qochib, kino ko`rgani borardik. Eng sevimli filmlarim: “Odam amfibiya”, “Uch mushketyor” edi. Hatto plastilindan uch mushketyor yasab, qo`liga gugurt cho`p tutqazib, o`ynardim. Kino olamiga shu qadar berilib ketgandim-ki, 8-sinfda o`qishni tashlab ketmoqchi bo`lganman. Balki mustaqil pul topish istagi ham o`z “so`z”ini aytgandir. Yozda oyoq kiyim tikadigan sexda ishlab yurganimni eshitgan otam “Maktabni tamomlamasang qanday qilib san`atkor bo`lasan?” degan. Bu tanbeh juda qattiq ta`sir qilgan va yana maktabdagi o`qishni davom ettirganman. O`shanda o`zboshimchalik qilganimda etikdo`z bo`lgan bo`larmidim (kuladi).
“NEGA ShU ROLNI O`YNADIM?”
— Toshkent teatr va rassomchilik institutiga hujjat topshirib, san`atga aloqador imtihonlarni ko`ngildagidek topshirdim, biroq inshoga kelganda (kuladi)... Rus maktabida o`qiganim uchun o`zbekcha harflarni bilmasdim. Rahmatli ustozim Abdurahim Sayfiddinov “Mayli, bu yigitga imkoniyat beraylik, diktant yoza qolsin”, degan. Hatto yonimda turib, “Hoy, chalasavod bu so`z bunday yozilmaydi”, deb yordam ham berib turgan. O`shanda ham 22ta xato bilan yozganman (kuladi). Ustozim Abdurahim Sayfiddinovdan menga bildirgan ishonchi uchun haligacha minnatdorman. 1-bosqichda o`qishga qiynalmaganman, chunki to`garakda kerakli ko`nikmalarni o`rganib bo`lgandim. 2-bosqichda esa ustozim katta-katta rollarni ishonib topshirgan, bu mening omadim. Institutni tamomlash arafasida esa odatga ko`ra diplom spektaklini topshirganmiz. Spektakldan so`ng O`zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov “Karim Mirxodiev, Husan Musaboev, Malika Qayumova shu bugundan Yosh gvardiya teatri aktyorisizlar”, degan. U vaqtda Baxtiyor aka avvalgi Yosh gvardiya teatrida bosh rejissyor edi-da. Unga qadar guruhimizga Kattaqo`rg`ondagi teatrda ishlash uchun yo`llanma berilgandi. Meni qutlash uchun sahna ortiga o`tgan rahmatli otam Baxtiyor Ixtiyorovning gapini eshitib juda sevingandi. Shu tariqa 1976 yili teatrga aktyor sifatida ishga qabul qilinib, Maksim Karimovning “18 yoshligim” pesasida bosh qahramon rolini o`ynadim. Ilk qadamim bosh rol bilan boshlangani ham omadim. Orada Qashqadaryoda harbiy xizmatni o`tab keldim. Teatrga qaytgach, yana katta-katta rollarni ijro etdim. 1980 yili bir vaqtning o`zida “Ilhom” teatrida ham ishlaganman. Shu teatr kinoga kirib borishimga sabab bo`lgan. Aniqrog`i Chingiz Guseynovning "Magomed, Mamed, Mamish" spektaklidagi bosh qahramon rolimni ko`rgan rejissyor Anatoliy Qobulov «Bo`ysunmas» filmiga asosiy rolga taklif qilgan. Va ilk qadamdayoq Nabi Rahimov kabi buyuk aktyorlar bilan ishlaganman. Omad qo`limdan etaklab, kinoda ham ketma-ket suratga tushdim. Ulardan biri “Charxpalak” seriali edi. Rosti, rejissyor qo`limga 13 qismli serial ssenariysini berganida, bir nafasda o`qib chiqqanman. Taklifga rozilik berishimning asosiy sababi – Sharof Boshbekovning yozish uslubining yoqishi va asarda erkak va ayolning munosabati borligi edi. Lekin bu rolimdan katta parvoz kutmaganman, omad keltirishi xayolimga ham kelmagan. Gohida tomoshabinlardan ranjiyman. Aktyorlar ham odam, har xil kayfiyatda bo`lamiz. Ba`zida ko`cha-kuyda meni ko`rib, serialning qo`shig`ini kuylashadi, “Ey, Egamqul”, deb mensimagan ohangda murojaat qilishadi. Lekin shunday vaziyatda jahlimni jilovlab turishga o`zimda arang kuch topaman. Gohida “Nega shu rolni o`ynadim?” degan fikrga ham borib qolaman. Lekin tomoshabinlarning samimiy fikrlaridan boshim osmonga etadi.
“NEGA O`RTA YoShDAGILAR HAQIDA KINOKARTINALAR YO`Q?”
— 1998 yilgacha teatrda ishladim. Bir odatim bor: nimagadir qiziqishim yo`qoldimi, qo`l siltab ketaman. O`sha vaqtda hamkasb do`stlarim “Mehnat stajing uzilib qoladi-ku!” deb tanbeh ham berishdi. Lekin ko`ngil jiz, etmasa befoyda ekan. Ochig`i, teatr korxonaga aylandimi, u erda ijod bo`lmaydi. “Konveyer”ga o`xshab spektakl sahnalashtiraverish bu – ish emas-da. Teatrda o`z ishining ustasi bo`lgan rejissyor, aktyorlar ansambli bo`lishi shart. Sahna doim men uchun mard-u maydon bo`lgan. Lekin bugungi kunda avvalgidek bitta rolga 40-50ta aktyor kinosinov topshirib, badiiy kengashning javobini intiq kutmaydi. To`g`ri vaqt tezlikni talab qilyapti. Lekin darajamni ushlash uchun ham hamma taklifga rozi bo`lavermayman. Deyarli barcha xususiy filmlarning darajasi meni qoniqtirmaydi, shu bois u kinokartinalarda suratga tushmayman. Ssenariy, rejissyor tanlab ishlayman. Xususiy kinoda ishlaydigan Yolqin To`ychiev, Ayub Shaxobiddinov, Akbar Bekturdievning ijodini hurmat qilaman. So`nggi vaqtlarda tomoshabinlardan “Nega filmlarda ko`rinmayapsiz?” degan savollarni ko`p eshityapman. Javobini oddiy: taklif qilinayotgan ssenariylar ko`nglidagidek emas, balki rejissyorlar mahoratimdan foydalana olmayotgandir, lekin bundan afsuslanmayman. Zamon tezlikni talab qilsada, ekranda palapartish ko`rinishni istamayman. O`zim esa umuman rejissyordan rol so`rab bormayman, bu tabiatimga xos emas.
Bugungi kino hali ham o`tish jarayonini boshdan kechiryapti. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun, yanada rivojlanish uchun “yuk”i bor ssenariy, mahoratli rejissyorlar kerak. Kinoda bir xillik avjida, boshini ko`rib, oxirini aytib bera olasiz. Nega yosh bolalar, o`rta yoshdagilar haqida kinokartinalar yo`q? Atrofga nazar solsa, mavzular, muammolar etarlicha-ku! Qachongacha sevgi-muhabbat, boy-kambag`al, qaynona-kelin kabi maishiy mavzularga o`ralashamiz? Rosti, premeralarga bormayman. Chunki kinosaroyda ko`pchilik tomoshabin telefon va pop-korn eyish bilan ovora bo`ladi. Ularni ko`rib asab buzgandan ko`ra, diskini sotib olib, uyda ko`raman. Yosh aktyorlarning birortasini e`tirof etolmayman. Yosh aktyor-aktrisalar ko`payib ketganidan, ko`pchiligini tanimayman ham. Hammasining ijrosi bir xil, qolipga tushib olgandek. Hatto avvallari yoqimtoylar to`rtligi, deya e`tirof etilgan Farrux Soipov, Adiz Rajabov, Ulug`bek Qodirov, Alisher Uzoqovda ham yangilik ko`rayotganim yo`q, o`rtamiyona ijod qilishyapti.
“Obraz yaratdim”, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinib qoladi, hazm qilolmayman. Rol ijro etgansan baraka topgur, degim keladi. Lutfixonim Sarimsoqova, Shukur Burxonov, Razzoq Hamroev, Zaynab Sadrieva kabi buyuk aktyorlar va O`zbekiston xalq artistlari Afzal Rafiqov, Murod Rajabovning faqatgina teatr sahnasidagi ijrosi, Gulchehra Jamilovalar obraz yarata olgan. Shu jumladan, Farhod Abdullaev, Behzod Muhammadkarimov, Sayyora Yunusova, Malika Qayumova, Lola Eltoeva, Ra`no Shodievalarni ham e`tirof etishni istardim, o`qimishli aktyorlar. Lekin Murod Rajabov, Muhammadiso Abdulxairov so`nggi yillarda bitta qolipni filmdan filmga ko`chirishdan charchashmadi, chog`i. O`zimni ijodimga esa 4 baho qo`yaman. “Odamlar orasida” seriali va ba`zi filmlarimni ko`rib, uyalganimdan stolni tagiga yashirinib olgim keladi. Ochig`ini aytish kerak, kino jurnal varaqlagandek gap. San`atning eng zo`r turi bu – teatr. Unda tomoshabin bilan jonli muloqot bo`ladi. Biroq teatrga qaytish niyatim yo`q. Chunki teatrning darajasi meni talablarimga javob bermaydi. Shiorim: “Sizga yordam kerakmi? Yo`q, halal bermaganingizning o`zi katta yordam”. Agar teatrda aktyorlarga yaxshi maosh berilsa, to`y-challarini o`ylamay, borini berib rolini o`ynagan bo`lardi. Teatrdagi hozirgi ijrolar esa sun`iy, ko`zyosh haqiqiymas, yurak ishlamaydi...
“QOLIP BORMI, U SAN`AT EMAS”
— 2010 yil Toshkent Davlat madaniyat kollejiga aktyorlik mahoratidan dars berish uchun ishga kirganman. Shu yilgacha pedagoglik faoliyati yoqayotgandi. Lekin so`nggi vaqtlarda qog`ozbozchilik ko`payib ketdi, bunaqada ijod bo`lmaydi. Birgina misol aktyorlik mahorati va sahna nutqi madaniyati darslarini bitta qilib o`tayotgandim. Kutilmaganda “Nega metodikamizni buzyapsiz?” degan e`tiroz bo`ldi. Metod, metodika, degan so`zni yoqtirmayman. San`at sohasi, aktyorlik mahoratida metod bo`lmaydi. Qolip bormi, demak u san`at emas. Bu ham etmagandek “Nega 1-bosqich talabalari va nogiron talabalarni sahnaga olib chiqdingiz?” deyishdi. O`zimdan misol 12 yoshimda sahna ko`rganman. Nega endi bo`lajak aktyorlar sahnada ishlamasligi kerak?! O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat instituti qolipga solib oyoq kiyim chiqaradigan fabrika emas. Shu bois bu yil institutni tark etmoqchiman.
Shu o`rinda aytib o`tish joiz, “Ustoz”, deya murojaat qilishlariga qarshiman. Chunki chin ma`noda ustoz darajasiga etganlar oz. Shaxsan men ham talabalarga meni “Ustoz”, deyishlarini man etganman. Kecha san`atga kirib kelganlarning ham shogirlari borligini eshitib, hayron qolaman...
“ShAXSIY HUDUD ShAXSIYLIGIChA QOLGANI MA`QUL”
— Avvallari oilam haqidagi savollarga javob berardim. O`ylab qarasam, shaxsiy hudud shaxsiyligicha qolgani ma`qul ekan. Aytishim mumkin bo`lgani, rafiqam Satira teatri aktrisasi Sayyora Mirxodieva. 3 o`g`il, 1 qizning ota-onasimiz. Ikkita o`g`limni uylantirganmiz, 3ta nabiramiz bor. Farzandlarimiz Temur mexanik, Shuhrat geolog, Nigina shifokor, Nodir turizm sohasida tahsil olyapti.
BILASIZMI?
• Karim Mirxodiev 1954 yilning 29 iyulida Buxoroda tug`ilgan.
• 2001 yili O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV





