O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24 may kuni Oqsaroyda Rossiya Federasiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.
Uchrashuvda O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi ko`p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqboli, xalqaro siyosatga doir dolzarb masalalar muhokama etildi.
Davlatimiz rahbari Rossiya tashqi ishlar vazirini qutlar ekan, joriy yilning aprel oyida Moskvada o`tgan oliy darajadagi O`zbekiston – Rossiya muzokaralari yakunlariga yuksak baho berdi va bu barcha yo`nalishlarda o`zaro munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilishini ta`kidladi.
Bugungi kunda oliy darajadagi uchrashuvlar chog`ida erishilgan, avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi kelishuvlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Bu jahon iqtisodiyotida murakkab o`zgarishlar ro`y berayotganiga qaramasdan o`zaro savdo hajmini nafaqat saqlab qolish, balki ko`paytirish imkonini beradi.
Tomonlar 2015-2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo`nalishlariga oid bitim doirasida raqobatbardosh va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish bo`yicha yangi investisiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekani ta`kidlandi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri samimiy qabul va o`zaro munosabatlar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniyati uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. S.Lavrov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi xususida o`z fikrini bildirar ekan, O`zbekistonning ShHTga samarali raisligi Toshkent sammitining muvaffaqiyatli o`tishini ta`minlashiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning boshqa istiqbolli yo`nalishlari bo`yicha ham fikr almashildi.
YoNG`INDAN QUTULISh UChUN BUTUN OILA 5-QAVATDAN SAKRADI (VIDEO)https://t.co/TWvplbZGVE pic.twitter.com/KiJZNm9DKp
— DARAKCHI.UZ (@darakchi_news) 25 maya 2016 g.





