“MY5” telekanali orqali namoyish etilayotgan “Muhabbat tafti” seriali bosh rol ijrochisi, hind aktyori Barun Sobti 21 may kuni Toshkentga kelayotgani haqida xabar bergan edik.
“To`ylar muborak” loyihasi muallifi va prodyuseri Dildora Zaynutdinova serialni tomosha qilar ekan, bosh rol ijrochisi bilan qiziqib qoldi va Barun Sobtini Toshkentga taklif etishga qaror qildi. Xo`sh, bu jarayon qanday kechdi? “Shov-shuv.uz” sayti Dildora Zaynutdinova bilan bog`lanib, ushbu savolga javob oldi.
- Barun Sobti Hindistonda va undan tashqarida ham juda mashhur ekanligiga amin bo`ldim. Turli so`rovnomalar o`tkazdim. Ko`pchilik uning tashrifi shov-shuvga aylanishi haqida fikrlar bildirdi. Tashqi Ishlar Vazirligi bilan bog`landim. Mutasaddilar Barun Sobti bilan rasmiy bog`lanishda ko`mak berishdi. 3 oy davomida muloqot olib bordik. Urinishlarimiz besamar ketmadi. U Turkiyaga rasmiy safar qilganda, rejamiz yanada osonlashdi. Aktyorning prodyuseri uning Toshkentga tashrifini martga belgiladi. Biz esa mayni taklif etdik. Chunki, Barun “To`ylar muborak” shousida mehmon bo`lishini istadik! Shunday qilib, loyihamiz doirasida 3 ta yirik tadbir o`tkaziladi. Birinchisi, Barun Sobti bilan ijodiy uchrashuv. Unda OAV xodimlari va aktyorning muxlislari, o`zbek kinosi vakillari, ijodkorlar ishtirok etadi. Ikkinchisi, “To`ylar muborak” shousi. Uchinchisi, aktyor ishtirokida gala-shou.
- Sir bo`lmasa, Sobtining Toshkentga tashrifi qanchaga tushmoqda?
-Gonorar haqida aytolmayman! Bu sir!
- Hindistonlik yulduz rafiqasi bilan tashrif buyuradimi?
- Loyihamizda uning shaxsan ishtirok etishi ayni muddao. Sobtining rafiqasi mehmonlar uchun u qadar qiziqarli emas deb o`ylayman.
- Barun Sobti tashrifi siz kutganingizdek ishonchni oqlashiga qanchalar ishonasiz?
- Uning muxlislar qanchalar ko`p ekanligini tasavvur qilolmaysiz? Taklifnomalarni qo`lga kiritish istagidagilar ne qadar ko`pligini bilsangiz edi!? Ishonsangiz, ijtimoiy tarmoqlar orqali uning Toshkentga kelishidan xabar topgan muxlislari hatto xorijiy mamlakatlardan Toshkentga uchib kelishmoqda! Ko`rasiz, bu haqiqiy shov-shuv bo`ladi.
Ma`lumot uchun, Barun Sobti 1984-yil, 21-avgustda Dehli shahrida tug`ilgan. Uning 2 ta kasbi bor: aktyor va model. (Darvoqe, u “Jindal Telecom” kompaniyasida 7 yil menejer bo`lib, faoliyat yuritgan.) 3 ta tilni biladi: ingliz, hind, panjob. Bo`sh vaqtlarida futbol va kriket bilan shug`ullanadi. Planetamizdagi sevimli joylari: Melburn va Maldiviya orollari. Sevimli Hollivud aktyori – Denzel Vashington. Uni mashhur qilgan serial – “Muhabbat tafti”. Shu serial ortidan u “Star Parivaar Awards”ning 4 ta mukofotini qo`lga kiritgan. Hindistonda bu ulkan muvaffaqiyatning yagona sohibi esa hozircha faqat Sobtiga dohil bo`lib qolayotir!
Oilali. 2010-yil, 12-dekabrda Pashmin Manchandaga uylangan.





