Kecha "Yangi nafas" sport va ijtimoiy harakati doirasida "Save Aral" xayriya aksiyasining joriy yilgi yakuniy final bosqichi bo`lib o`tdi. Unda Toshkent shahri va mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan jami 2 ming nafarga yaqin yugurish va yurish ixlosmandlari ishtirok etishdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, xayriya marafonida Turizm va sport vaziri o`rinbosari Avaz Karimov ham ishtirok etgan va tadbir ishtirokchilarini tabriklab, ularga omad tilagan. Aksiya doirasida turli korxona va tashkilotlarning jamoalari ekiden — sport estafetasi yo`nalishida o`zaro kuch sinashishgan.
50dan oshiq jamoalar ishtirok etgan ekiden musobaqasida g`oliblikni O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sport markazi xodimlari qo`lga kiritishgan. Ular belgilangan masofani 24 daqiqa 59,9 soniya ichida bosib o`tishgan. Ushbu yo`nalishda keyingi o`rinlarni mos ravishda Qashqadaryo viloyati hamda O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoalari egallashgan. 3 km masofaga o`tkazilgan ommaviy yugurish poygasida ayollar orasida eng yaxshi natijani Anastasiya Silchenkova qayd etgan bo`lsa, erkaklar o`rtasida ushbu masofani surxondaryolik Shohruh Davlatov barchadan oldin bosib o`tgan.
Shuningdek, xayriya marafonida turli nominasiyalar bo`yicha ham g`oliblar aniqlangan.
Jumladan, 70 yoshli Mars Mamasharipov "Eng yoshi katta erkak sportchi" nomiga munosib ko`rilgan bo`lsa, Marina Raximova eng yoshi ulug` ayol sportchi deb topilgan.






